Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi «Oybek» chegara bojxona posti xodimlari O‘zbekistonga kirib kelgan avtobusni bojxona nazoratidan o‘tkazish jarayonida qonunbuzarlik holatini fosh etishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, avtobus haydovchisi S.S. ismli shaxs tovar-moddiy boyliklarni yashirin yo‘llar bilan olib kirishga uringan ekan.

Gap shundaki, qonunbuzar avtobusning ko‘z ilg‘amas bo‘shliqlariga va motor qismiga 4 turdagi 4470 quti tamaki mahsulotlari, 700 dona atirlarni yashirgancha olib o‘tishni rejalashtirgan ekan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra mazkur tovar-moddiy boyliklarning umumiy qiymati salkam 139 million so‘mni tashkil qilar ekan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.