Turkish Airlines kompaniyasi kelgusi yilning aprelidan Toshkent va Istanbul o‘rtasidagi aviaqatnovlar sonini kuniga ikki martagacha, Istanbul-Samarqand yo‘nalishida esa — haftasiga uch martagacha oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Turkish Airlines kompaniyasining sotish bo‘yicha vitse-prezidenti Tunjay Eminoglu ma’lum qildi.

«O‘zbekiston biz uchun juda muhim va istiqbolli bozor. O‘zbekiston fuqarolari Turkiyaga uchishdan manfaatdor bo‘lsa, Turkiya fuqarolari ham O‘zbekistonga tashrif buyurishdan manfaatdor. [Turkiya fuqarolari uchun] vizalarning bekor qilinishi havo tashuvlarining o‘sishiga olib keldi.Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar sezilarli darajada yaxshilandi», — dedi u Istanbulda o‘zbekistonlik jurnalistlar bilan uchrashuvda.

O‘tgan yili Istanbuldan Toshkentga «Turk havo yo‘llari» hamda «O‘zbekiston havo yo‘llari» kuniga bittadan reysni amalga oshirgan. Mart oyida Istanbul va Samarqand o‘rtasida aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Hozirda turk tashuvchisi Toshkentga haftasiga 10, Samarqandga 2 reys amalga oshirmoqda.

«Turkiya fuqarolaridan tashqari, boshqa mamlakatlardan, ayniqsa Yevropa, jumladan Ispaniyadan ko‘plab tashrif buyuruvchilar O‘zbekistonga uchmoqda. Shuning uchun «Turk havo yo‘llari» mazkur yo‘nalishni rivojlantirishdan manfaatdor, deya qayd etdi Tunjay Eminoglu.

Aviakompaniya boshqa shaharlar, jumladan Buxoroga ham reyslar ochishga qiziqish bildirmoqda. «Biz har doim Buxoroni salohiyatli yo‘nalish sifatida ko‘rganmiz va u yerga uchishni istaganmiz, — dedi tashuvchi vakili. — Biz o‘z hamkorimiz — „O‘zbekiston havo yo‘llari“ bilan mazkur masala bo‘yicha muzokaralar olib bormoqdamiz».