Shu yilning yoz oylarida samarqandlik 36 yoshli ayolning qaynonasini pichoqlab o‘ldirgani haqidagi xabar e’lon qilingandi. Ushbu ish yuzasidan sud hukmi o‘qilib, qotillikka qo‘l urgan kelin 12 yilga qamoq jazosiga mahkum etildi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi raisi o‘rinbosari O‘.Mamadaliyevning «Zarafshon» gazetasi saytida e’lon qilingan maqolasida to‘xtalib o‘tilgan.

Bu xonadonga kelin bo‘lib tushganidan beri, ya’ni 2006 yildan buyon qaynonasi bilan birga istiqomat qilgan. Oilada kelishmovchiliklar bo‘lgan. Qaynona hovlining yarmini sotib, uni qiziga rasmiylashtirib bergach, o‘rtada o‘zaro nizolar avj olgan. Ammo guvohlar fikriga tayanadigan bo‘lsak, qaynona o‘g‘lini va kelinini bu hovlidan chiqarib yuborish niyatida bo‘lmagan. O‘zaro kelishmovchilik esa davom etavergan.

Shunday kunlarning birida qulay fursatni poylab, uyda hech kim yo‘qligidan foydalangan kelin qaynonasiga ketma-ket pichoq sanchadi. Qaynonasini o‘ldirganidan murdani plyonkaga o‘rab, yerto‘laga tushirishga harakat qiladi. Bu ishni amalga oshirish uchun voyaga yetmagan, hali 12 yoshga ham kirmagan o‘g‘illaridan yordam so‘raydi. Buvisining murdasini ko‘rib, qo‘rqqan bolakaylar onasiga yordam berishdan bosh tortadi. Onasi esa ularga bu gapni hech kimga aytmaslikni tayinlaydi.

Uyiga turmush o‘rtog‘i kirib kelganda ham go‘yo hech narsa bo‘lmaganday o‘zini tutadi. Qaynonasini esa uzoqroq qarindoshlarinikiga mehmondorchilikka ketganini kiprik qoqmay aytadi. Oradan uch-to‘rt kun o‘tgach, kelin yerto‘ladagi murdani bu yerdan chiqarib tashlash kerakligi haqida reja tuzadi. Ko‘chadagi taksi haydovchilaridan birining raqamini olib, uyida ta’mirlash ishlari olib borayotganini, shuning uchun ba’zi narsalarini qarindoshinikiga olib borishi kerakligini aytib, gilam orasiga o‘ralgan murdani mashina yukxonasiga joylashtiradi. Siyob kanaliga yaqin joyda mashinani to‘xtatib, narsalarini tushirib qoladi. U yog‘iga o‘g‘li bilan bir amallab, murdani suvga oqizib yuboradi.

Bu orada turmush o‘rtog‘i, qaynopasi onasidan xavotir olib, qarindoshlariga qo‘ng‘iroq qilayotgan, onasini shifoxonalaru borishi mumkin bo‘lgan barcha joydan qidirishga tushgandi. Natija bo‘lmagach, ichki ishlar idoralariga murojaat qilishiga to‘g‘ri keladi. Ichki ishlar idoralari xodimlari o‘z navbatida ularni suvda topilgan jasad bilan yuzlashtiradilar…

Kelinning qilmishlari fosh bo‘ldi, unga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Ikki farzandning onasi jinoyati uchun o‘n ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.