Bosh prokuratura tomonidan hududda sholichilik, meva-sabzavotchilik va baliqchilikni rivojlantirish, yer va suvdan oqilona foydalanishda prokuratura organlari tomonidan qonuniylikni ta’minlash maqsadida, Xorazm viloyat prokuraturasi tuzilmasida Qishloq xo‘jaligida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘yicha Xorazm ixtisoslashtirilgan prokuraturasi tashkil etildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident 29−30 noyabr kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida davlat rahbari viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, aholining ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi. Shuningdek, prezident o‘tgan davrda yaratilgan ish o‘rinlari yetarli emasligi, viloyatda ishsizlik saqlanib qolayotganini ta’kidlab, iqtisodiyot tarmoqlarini ko‘paytirish, yangi sanoat korxonalari tashkil etish va mavjudlarini kengaytirish, qishloq xo‘jaligi, turizm va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali bandlik darajasini oshirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Mazkur topshiriqlar ijrosi bo‘yicha Xorazm ixtisoslashtirilgan prokuraturasi tashkil etildi.

Qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yer maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suv xo‘jaligi ob’ektlarining holatini yaxshilash, suvdan oqilona foydalanish va tomchilatib sug‘orish tizimlarini joriy etish, baliqchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish, baliq yetishtirish inshootlari va qurilmalarini barpo etish, baliq mahsulotlarini qayta ishlash hamda sholi yetishtirish hajmlarini ko‘paytirish, uni qayta ishlashda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish, ularni qayta ishlash (quritish) quvvatlari hamda eksport hajmini oshirish, sholichilik, meva-sabzavotchilik va baliqchilik sohalaridagi tadbirkorlik sub’ektlarini huquqiy himoya qilish hamda ushbu sohalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish kabi yo‘nalishlarda qonunchilik ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish Ixtisoslashtirilgan prokuraturaning asosiy vazifalari etib belgilandi.

Qishloq xo‘jaligida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘yicha Xorazm ixtisoslashtirilgan prokurori viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari hisoblanadi.