Toshkentda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi va Koreya Respublikasining Geonji Daejin texnoparki hamkorligida O‘zbekiston — Janubiy Koreya to‘qimachilik texnoparki faoliyatiga bag‘ishlangan biznes-brifing bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Unda Koreya texnoparki delegatsiyasi vakillari, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi, to‘qimachilik korxonalari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Brifing davomida koreyalik ekspertlar guruhi tomonidan ishtirokchilarga Toshkentdagi to‘qimachilik texnoparki faoliyati va vazifalari, mamlakat to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishdagi o‘rni haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

— Bugungi kunda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti tomonidan mingdan oshiq talabalar mazkur texnopark faoliyatiga jalb etilgan bo‘lib, tizimli ishlar olib borilmoqda, — deydi «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi bo‘lim boshlig‘i Sardor Odinayev. — Jumladan, yaqin uch yil ichida yuzdan ortiq talaba, magistr, ilmiy xodimlar Janubiy Koreyaning bir qator universitet va texnoparklarida malaka oshirib qaytdi. Biz texnoparkni rivojlantirish yo‘nalishlarini belgilab oldik. U nafaqat ilmiy ishlanmalar, balki yangilik, startap g‘oyalarini ishlab chiqish va amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘ladi. To‘qimachilik texnoparkimiz ochilishi 2019 yilning bahor oylariga rejalashtirilgan.

Brifingda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi va Koreya Respublikasining Geonji Daejin texnoparki o‘rtasida to‘qimachilik sohasida hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Shuningdek, tadbirda joriy yilning noyabr oyida Koreya Respublikasida muvaffaqiyatli amaliyot o‘tagan soha mutaxassislariga sertifikatlar topshirildi.