QHTBT portalida prezidentning 5.09.2018 yil 5 setyabrdagi «Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan «Zamonaviy maktab» davlat dasturi loyihasi muhokama qilinmoqda. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

2019 yilning 1 iyuniga qadar xalqaro tajriba asosida, ilg‘or texnologiyalar va muhandislik yechimlarini joriy etishni hisobga olgan holda zamonaviy umumta’lim muassasalarining namunaviy loyihalarini ishlab chiqish va tasdiqlash rejalashtirilgan. Shu bilan birga, umumta’lim muassasalarini zarur mebellar, zamonaviy o‘quv va laboratoriya uskunalari, darsliklar va o‘quv-uslubiy materiallar, kompyuter va multimedia texnikasi, videokuzatuv tizimlari bilan jihozlash bo‘yicha yangi normativlar tasdiqlanadi.

O‘quv muassasalarini 2020−2025 yillar uchun zamonaviy maktablarning namunaviy loyihalari asosida qurishning asosiy parametrlari ishlab chiqildi. 39 690 nafar o‘quvchi o‘rniga ega bo‘lgan 126 ta maktabni bunyod etish, shuningdek, 704 ta maktabni rekonstruksiya qilish mo‘ljallanmoqda. Umumta’lim muassasalarining «Zamonaviy maktab» namunaviy loyihalari bo‘yicha yangicha qurilishi Xalq ta’limini rivojlantirish jamg‘armasi, shuningdek, jalb etiladigan xorijiy grantlar va qarzlar hisobidan moliyalashtiriladi.

«Zamonaviy maktab» darajalariga muvofiqlik sertifikatini berish uchun umumta’lim muassasalari faoliyatini baholashning mezonlarini tasdiqlash taklif etilayotir. Sertifikatlash tizimining ishchi organi sifatida «Innovatsiyalar, texnologiyalar va strategiyalar» DUKni belgilash taklif qilinmoqda.

«Zamonaviy maktab» namunaviy loyihalari bo‘yicha qayta tashkil etiladigan umumta’lim muassasalarining 2030 yilgacha bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlari keltiriladi. Masalan, 2024 yilga borib bunday maktablar soni 828 tani tashkil etadi, 2030 yilda esa bu kabi o‘quv muassasalari 4860 taga yetadi yoki umumiy miqdorning 50 foizini tashkil etadi.

2020 yilning 1 avgustiga qadar ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda «Zamonaviy maktab» namunaviy loyihalari bo‘yicha ro‘yobga chiqariladigan umumta’lim muassasalari uchun quyidagilar ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi:

o‘qitishning maxsus ta’lim standart va dasturlari;

o‘quv jarayonini tashkil etish bo‘yicha alohida talablar;

moslashtirilgan o‘quv adabiyotlarining ro‘yxati;

tegishli darajani aniqlash maqsadida umumta’lim muassasalarini baholashning tartibi;

pedagogik kadrlar, shuningdek o‘quvchilarni tanlash, baholash va attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha tartib.

«Zamonaviy maktab» sertifikati darajasini olgan umumta’lim muassasalarining xodimlari ish haqiga qo‘shimcha to‘lovlar to‘lash rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, umumta’lim muassasalari ob’ektlarining moddiy va jismoniy holatini real vaqt rejimida monitoring qila oladigan axborot tizimi yaratiladi, unda umumta’lim muassasalarining darajasi mintaqalar kesimida aks ettirilgan bo‘ladi.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.