Hukumat qarori bilan Bahodir Beshimovich Eshmuratov «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvining raisi etib tasdiqlandi, deya xabar qildi Adliya vazirligi «Huquqiy axborot» Telegram-kanali.

U 2017 yil avgustidan buyon «O‘zneftgaz» Markaziy dispecherlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. Ungacha «O‘ztransgaz» raisining birinchi o‘rinbosari — bosh muhandis mansabida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, noyabr oyi oxirida «O‘ztransgaz» boshqaruvi raisi Sharifjon Tursunov vazifasidan ozod qilingan edi.

«O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyati gaz taqsimlash tarmoqlarini rivojlantirish va ulardan foydalanish sohasida yagona siyosatni shakllantirish, respublika iste’molchilariga tabiiy gazni yetkazib berish va sotish bo‘yicha samarali boshqaruv tizimini yaratish, shuningdek, tabiiy gazdan oqilona foydalanish va gaz uchun to‘lov intizomini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan.