Coscom (Ucell brendi) mobil operatorining 94 foiz aksiyalariga egalik qiluvchi Telia shved-fin kompaniyasi o‘zining barcha ulushini 215 mln dollar evaziga (qarzlarsiz) O‘zbekiston Davlat raqobat qo‘mitasiga sotdi, deya xabar qildi kompaniya matbuot xizmati.

«Gazeta.uz"da mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, mobil operatoriga avval Uzmobile milliy operatori direktori bo‘lib ishlagan Vladimir Kravchenko rahbarlik qiladi.

Shartnoma Telia «New Generation Telco» kompaniyasi strategiyasi doirasida Yevroosiyo bozorini tark etish hamda Shimoliy va Boltiqbo‘yi hududlaridagi faoliyatini kengaytirish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq amalga oshirildi, deya izoh berdi Telia prezidenti va bosh ijrochi direktori Yoxan Dennelind.

«Telia kompaniyasi xaridorni talabchanlik bilan kuzatdi va sinchkovlik bilan tekshirib, barcha tegishli tekshiruv va nazorat ishlarining qoniqarli natijalar bilan bajarilganiga ishonch hosil qildi», — deyiladi xabarda.

Ucell kompaniyasiga 1996 yilda Coscom brendi ostida asos solingan. 2007 yilning iyulida TeliaSonera Coscom`ning asosiy aksioneriga aylandi. 2008 yil iyulida operator Ucell brendi ostida ishlashni boshladi.

Kompaniyada 1250 nafarga yaqin xodim mehnat qiladi. Abonentlar soni 7,1 millionni tashkil etadi. Operatorning 2G tarmog‘i O‘zbekiston hududining taxminan 97 foiz, 3G esa taxminan 60 foiz hududini qamrab olgan.

Telia xabarida qayd etishicha, AQSH Adliya vazirligi zarur shaklda shartnoma to‘g‘risida xabardor qilingan. 2014 yilda AQSH Adliya vazirligi hamda Qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiya MTS, Veon («VыmpelKom», «Bilayn» brendi egasi) va Shvetsiyaning Telia Company AB (qayta nomlangunga qadar — TeliaSonera) kompaniyalarini O‘zbekiston telekommunikatsiyalar bozorida korrupsiyaga qo‘l urganlikda ayblab, ularga nisbatan tergov boshladi. Bunga ushbu kompaniyalarning AQSH fond bozorlarida savdo qilgani asos qilib olindi.

O‘zbekistonda ayni vaqtda beshta mobil operatori faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ularning uchtasi (Uzmobile, UMS va Ucell) davlatga tegishli.