Psixotrop moddalarning noqonuniy savdosi bilan bog‘liq holatlarni aniqlash yuzasidan Urganch shahri bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi. Bu haqda Mahalladosh.uz xabar berdi.

Unda tarkibida psixotrop moddalarni saqlovchi 200 dona «Tramadol» tabletkalarini uyida qonunga xilof ravishda 525 000 so‘mga sotayotgan, Urganch shahrida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan Sobir Turdiyev (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) qilmishlari fosh etildi. Ana shu turdagi tabletkalardan yana 3 800 donasini kelgusida sotish maqsadini ko‘zlab saqlab qo‘ygani uning uyida o‘tkazilgan tintuv jarayonida aniqlandi.

Xuddi shunday Bog‘ot tumani IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir jarayonida, shu tumanda yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan Nosir Karimov o‘zida psixotrop moddalarni saqlovchi 5 ta konvalyutada jami 50 dona «Tramadol» tabletkalarini tanishiga qonunga xilof ravishda 180 000 so‘mga sotayotganida qo‘lga olindi.

Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.