Joriy yilning 9 oyi davomida Oliy sudga nazorat tartibida jami 21 489 ta (2017-yilda 26 475 ta) murojaat kelib tushgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan nazorat tartibidagi murojaatlar soni 4 986 taga yoki deyarli 19 foizga kamaygan. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Nazorat tartibida kelib tushgan murojaatlarning 8593 tasi fuqarolik, 9050 tasi jinoyat ishlari bo‘yicha, 2082 tasi ma’muriy, 1764 tasi iqtisodiy sudlar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Hisobot davrida kelib tushgan nazorat tartibidagi murojaatlar yuzasidan Oliy sud tomonidan jami 4341 ta (2017-yilda 825 ta) ish chaqirtirilib, shikoyat (ariza)da keltirilgan vajlar ish hujjatlari asosida o‘rganilib, tegishli huquqiy baho berilgan.

Sudlov hay’atlari tomonidan ish chaqirtirib o‘rganilgan nazorat tartibidagi murojaatlarning 1562 tasi yoki 36 foizi (2017-yilda 14 foiz) qanoatlantirilgan.

Shuningdek, bugungi kunda Oliy sud va quyi sudlar rahbariyatining shaxsiy qabullari orqali fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish amaliyoti keng joriy etilmoqda.

Buning natijasida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Oliy sud rahbariyati tomonidan 12534 nafar fuqaro shaxsiy qabul qilinib, 9194 ta yozma murojaat belgilangan tartibda o‘rganib chiqish uchun qabul qilingan.

Mazkur ishlarning samaradorligini oshirish, fuqarolarni o‘zlari yashab turgan hududdan chiqmagan holda masofaviy shaxsiy qabul qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rahbariyatining 2018 yil davomida jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini videokonferensaloqa rejimida shaxsiy qabul qilish bo‘yicha tadbirlar” rejasi tasdiqlangan.

Mazkur rejaga asosan sudlar faoliyatiga joriy etilgan videokonferensaloqa tizimi orqali Oliy sud rahbariyati tomonidan hisobot davrida 512 nafar fuqaro shaxsiy qabul qilingan. Shaxsiy qabulda topshirilgan 238 ta murojaat belgilangan tartibda o‘rganib chiqish uchun qabul qilib olingan.

Videokonferensaloqa tizimining sudlar faoliyatiga joriy etilishi fuqarolarga yashab turgan hududlaridan chiqmagan holda sud majlislarida qatnashish, sud rahbariyati tomonidan masofaviy shaxsiy qabullarni amalga oshirish imkoniyatini berdi. Bu esa o‘z navbatida fuqarolarga nafaqat vaqtlarini, balki, mablag‘larini ham tejashlariga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga Oliy sud rahbariyatining jismoniy shaxslar va yuridik shaxs vakillarini joylarga chiqib sayyor qabul qilish bo‘yicha tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga asosan o‘tgan davrda respublikaning barcha hududlarida sayyor qabullar tashkil etildi.

Mazkur sayyor qabullarda 5 mingga yaqin fuqaro ishtirok etib, ular tomonidan jami 2110 ta yozma murojaat bildirilgan. Mazkur murojaatlar Oliy sud rahbariyati tomonidan belgilangan tartibda o‘rganib chiqish uchun qabul qilib olingan.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida hisobot davrida Oliy sudga kelib tushgan nazorat tartibidagi murojaatlarning 43 foizi (2017-yilda 12 foiz) Oliy sud rahbariyatining shaxsiy qabullarida topshirilgan.

Oliy sud rahbariyatining shaxsiy qabullarida topshirilgan murojaatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6 837 taga yoki deyarli 75 foizga oshgan.

Shaxsiy qabullarda topshirilgan murojaatlarning 3 954 tasi yoki 42 foizi o‘zining ijobiy yechimini topgan. Ya’ni, ushbu murojaat mualliflarining ariza va shikoyatlari qanoatlantirilgan yoki ularga tegishli huquqiy tushuntirishlar berilgan.

Sud tizimida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, ularning vakillarini shaxsiy qabul qilish, bu boradagi faoliyatni yanada yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotgan amaliy islohotlar natijasida buzilgan huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish (tiklash)ni so‘rab sudga murojaat qilayotgan fuqarolarning soni ham oshmoqda.

Buni fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshganligi bilan birga ularning sudga murojaat qilishi uchun keng imkoniyat va qulay sharoitlar yaratilganligi bilan ham baholash mumkin.