Videokonferens-aloqa tarzida o‘tkazilgan Oliy sud Plenumida Oliy sud sudyalari, jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha hamda ma’muriy va iqtisodiy sudlar, harbiy sudlar raislari va sudyalari, Oliy sud huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari, Oliy Majlis Senati a’zolari, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ul xodimlari, huquqshunos olimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati xabar berdi.

Oliy sud raisi K. Komilov boshqargan Plenum majlisida «Sudlar tomonidan fuqarolik ishlarini apellyatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida», «O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining fuqarolik ishlari bo‘yicha ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida», «Sudlar tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishni tartibga soluvchi qonunlarni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida» va «Sudlar tomonidan ma’muriy ishlarni apellyatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida"gi Oliy sud Plenumi qarorlari loyihalari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, muhokama etilgan Plenum qarorlari fuqarolik va ma’muriy ishlarni qonuniy hamda adolatli hal etishda fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga, qonun hujjatlarining sud amaliyotida aniq va bir xilda tatbiq etilishiga, yagona sud amaliyotini shakllantirishga, shuningdek yangi qabul qilingan qonun hujjatlarini amaliyotda yanada samarali qo‘llanilishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, yig‘ilishda Plenum qarorlarining mazmun-mohiyati hamda ahamiyatini aholiga, tadbirkorlarga, davlat organlari va tashkilotlar xodimlariga, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar va ma’muriy sudlar sudyalariga tushuntirish bo‘yicha viloyatlarda va mahallalarda tadbirlar amalga oshirilishi lozimligi qayd etildi.

Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.