Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligi arafasida Farg‘ona shahrida 5-oilaviy poliklinika ish boshladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Tibbiyot muassasasi «Baraka fayz invest» MCHJ bunyodkorlari tomonidan barpo etildi. Qurilish ishlariga 4 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi. Viloyat hokimligi ko‘magida 300 million so‘mlik mebel jihozlari bilan ta’minlandi.

— Hududdagi 53 mingdan ziyod aholiga 24 nafar malakali shifokor va 105 nafar hamshira tibbiy xizmat ko‘rsatadi, — deydi mazkur oilaviy poliklinika mudiri Feruza Madaliyeva. — Uch qavatli shifo maskanida tibbiy xizmat va muolajalar zamonaviy tibbiy uskunalar yordamida bajariladi. Muassasa «Elektron poliklinika» avtomatlashtirilgan axborot tizimiga ulangan. Bu esa avtomatlashtirilgan holda ro‘yxatga olish, fuqarolarning yagona elektron tibbiy kartasini yuritish, onlayn tarzda shifokor qabuliga yozilish imkonini beradi.