2018 yil 3 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda «Xalqaro nogironlar kuni» munosabati bilan poytaxtimizdagi «Ko‘hinur» to‘yxonasida «Muruvvat kuni» xayriya tadbiri tashkil etildi. Bu haqda DIQ matbuot xizmati xabar berdi.

Unda 300 nafar ko‘zi ojiz hamda eshitish va gapirish imkoniyati cheklangan shaxslar ishtirok etdi. Tadbirda Toshkent shahar hokimligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston kar-soqovlar jamiyati, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati rahbar xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirda 3 dekabr sanasida nogironligi bo‘lgan shaxslar kunining nishonlanishidan asosiy maqsad butun dunyoda amalga oshiriladigan dastur va loyihalarda nogironlar boshqa nogiron bo‘lmagan kishilar bilan teng huquqlilik asosida ishtirok etishini, nogironlarning manfaatlari, huquqlari inobatga olinishini, barcha mamlakatlarda nogironlarning qadr-qimmatini himoyalovchi qonunlar va tartib-taomillarning joriy etilishini ta’minlab, barcha uchun ochiq va do‘stona bo‘lgan jamiyat qurishdan iborat ekani aytildi.

Shuningdek, O‘zbekistonda ham nogironligi bo‘lgan shaxslarning manfaatlarini himoya qilish, ularni jamiyatimizning to‘laqonli a’zosi ekanliklarini ko‘rsatish maqsadida turli tadbir va islohotlar amalga oshirilayotgani, buni O‘zbekiston prezidenti tomonidan «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonning imzolangani misolida ham ko‘rish mumkinligi ta’kidlandi.

Ushbu farmonda avvallari nogironlarni kamsitish sifatida ishlatilgan «nogiron» so‘zi o‘rniga «nogironligi bo‘lgan shaxs» iborasining qo‘llanilishi belgilangani yurtimizda inson omiliga bo‘lgan yuksak e’tiborning natijasi ekani qayd etildi.

Yig‘ilganlarga ilk bora «Tahorat va namoz» (imkoniyati cheklanganlar uchun surdo tarjimali video qo‘llanma) taqdim etildi. Ko‘zi ojizlar uchun esa «Namoz va tahorat», «Ijtimoiy odoblar» kitobining audio variantlari shuningdek, boshqa nogironligi bor fuqorolar uchun «Musulmonning me’roji» kitoblari hadya qilindi. Bu kabi tadbirlar respublikaning boshqa viloyatlarida ham o‘tkazilishi ta’kidlandi.

Tadbirda ishtirok etgan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rais o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan o‘z so‘zida, imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizning talab va istaklariga muvofiq diniy adabiyotlarni brayl yozuvida nashr qilish, audio-disklar chiqarish, ma’rifiy suhbatlar sonini yanada ko‘paytirish, juma ma’ruzalarini ularga tushunarli bo‘lishi uchun surdo tarjimonlar yordamida tashkil etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilayotgani haqida gapirib o‘tdi.

23 noyabr kunidan e’tiboran ilk marotaba Shayx Zayniddin jome masjidida juma ma’ruzalari surdo tarjimon yordamida onlayn rejimida tashkillashtirilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, shu yil 28 oktyabr kuni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tashabbusi bilan jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, har oyning birinchi yakshanbasi «Muruvvat kuni» sifatida belgilangan edi.