Bir oylik to‘xtalishdan so‘ng Ukrainada ishlab chiqarilgan dori va farmatsevtika mahsulotlari O‘zbekistonda bojxona rasmiylashtiruvlaridan o‘tkazila boshlandi. Bu haqda Ukrainaning yirik dori ishlab chiqaruvchilaridan birining Toshkentdagi vakolatxonalaridan biri vakili «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

O‘zbekiston tomoni 3 noyabrdan buyon Ukrainadan keltirilgan tovalarni bojxona rasmiylashtiruvlaridan o‘tkazishni to‘xtatgan edi. Kompaniya vakilining ma’lum qilishicha, hozirda «ukrain dori vositalari uchun chegaralar ochiq».

«Avval to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilmagan shartnomalarga yopiq edi, hozir ularga ham ochildi. Norasmiy, tushunarsiz holatda yopildi, shuning uchun qayergadir yoza olmadik. Distribyutor deklarantidan ma’lumot kutdik. O‘zlari qo‘ng‘iroq qilishdi, aniqlashtirishdi, u yerda hech kim aniq javob bera olmadi, chunki yashirin qaror bo‘lgan», — dedi suhbatdosh.

Dushanba kuni ertalab kompaniya ukrain dori ishlab chiqaruvchilari yangi yuklarni yuklab jo‘natish huquqiga ega bo‘lgani haqidagi bojxona xabarini oldi.

Bojxona rasmiylashtiruvining o‘tkazilmaganidan ukrain dori vositalari va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining mahalliy distribyutorlari zarar ko‘rdi.

1 dekabr kuni Ukraina Shakar ishlab chiqaruvchilari milliy uyushmasi («Ukrsukor») O‘zbekistonga yetib borgan shakar tushirib olinmayotgani va bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmayotganini ma’lum qilgan edi. «Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi ushbu masala ijobiy yechimini kutayotganini ma’lum qildi.

Dushanba kuni Ukrainada o‘zbek avtomobillariga nisbatan subsidiyaga qarshi tekshiruv to‘xtatilgani ham ma’lum bo‘ldi. bunga O‘zbekiston milliy avtomobil ishlab chiqaruvchisiga 2018 yildan imtiyoz taqdim etmayotgani asos bo‘ldi.