Shu yilning 9 dekabriga qadar Samarqand shahrida 20 ta, Urgut va Samarqand tumanida 5 tadan yangi mehmonxona qurilishi uchun yer uchastkalari ajratiladi. Bu haqda viloyat hokimining joriy yil 29 noyabrdagi qarorida aytib o‘tilgan, deyiladi «Zarafshon» gazetasi saytida tarqatilgan xabarda.

Shuningdek, qarorda shu muddatda Samarqand shahrida shahar bosh rejasidan kelib chiqib, yigirmata mehmonxona quriladigan yer uchastkalarini belgilash ham ko‘zda tutilgan.

Joriy yil 24 noyabrda Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida mehmonxona biznesini jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilingandi. Viloyat hokimi qarori mazkur hujjat ijrosiga bag‘ishlangan bo‘lib, sohani rivojlantirishga doir bir qancha vazifalar belgilangan.

Xususan, namunaviy loyihalar asosida mehmonxonalar qurish yuzasidan investor-tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha viloyat ishchi guruhi tashkil etiladi. Qurilishi rejalashtirilgan mehmonxonalar uchun xorijiy va mahalliy tadbirkorlarni jalb etish, ular bilan muzokaralar o‘tkazish kabi vazifalar ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi.

Ikki oy muddatda esa mehmonxonalarning bandligini ta’minlash hamda bron qilishning samarali tizimini joriy qilgan, ko‘rsatilayotgan xizmatlarni targ‘ib qilgan va mehmonxona xodimlarini o‘qitgan holda faoliyatni yanada rivojlantirish bo‘yicha marketing ishlari rejasi ishlab chiqiladi.