Kattaqo‘rg‘on va Jomboy tumanlarida shifokorlar qasamyod qabul qilish marosimi o‘tkazilganidan so‘ng Samarqand viloyati hokimiyati ularni to‘xtatishga buyruq berdi, deya xabar qildi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi xodimi «Gazeta.uz"ga.

"Taklif 9 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida tilga olingan edi. Rahbariyat bizga shifokorlar qaytadan qasamyod qilsin, dedi. Shundan so‘ng viloyat hokimi anjumanlar zaliga yig‘ib, tibbiyot xodimlari o‘z ustida ishlashga, eskicha yondashuvlardan voz kechish va xalqqa vijdonan xizmat qilishga o‘zi va jamoatchilikka va’da berishlari kerakligini aytdi. Hech kim qasamyod qabul qilishni talab qilmadi, lekin ayrim bosh shifokorlar bu tadbirni ommaviy tashkil etgan. Biz darhol buni to‘xtatishga buyruq berdik", — dedi o‘zini tanishtirishni xohlamagan suhbatdosh. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bu xabarga izoh berishdan bosh tortdi.

Suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, tibbiyot xodimlaridan rahbariyatga qasamyod qabul qilish so‘ralmagan. «Ularga har biri o‘ziga va xalqiga halollik bilan ishlashga so‘z berishini so‘radik. Matnlarni bosh shifokorlarning o‘zlari o‘ylab yozishgan, hokimiyatning bunga aloqasi yo‘q», — dedi Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakili.

Kattaqo‘rg‘on va Jomboy tumanlarida viloyat hokimi v. b. Erkinjon Turdimov ishtirokida qasamyod qabul qilish marosimlari bo‘lib o‘tgan. Birinchi tadbirda 150 nafar hamshira va 150 nafar shifokor qatnashgan. Samarqand viloyati hokimiyati matbuot xizmati xabarida «tibbiyot xodimlari keng jamoatchilik oldida qasamyod qabul qilgani» yozilgan.

Jomboy tuman tibbiyot birlashmasi xodimlari qasamyodi (video) matni fuqarolar sog‘lig‘ini muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunning 44-moddasida qayd etilgan tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari qasamyodidan farq qiladi. Unga «xalqim, davlatim va prezidentim oldida qasamyod qilaman» so‘zlari qo‘shilgan.

Tibbiyot birlashmasi xodimlaridan biri qasamyod matnini o‘qiganidan so‘ng hamshiralar va shifokorlar 12 marotaba «Qasamyod qilaman!» deya baland ovozda takrorlashdi.

Shifokorlarning qasamyod qabul qilish marosimi Surxondaryo viloyatida ham bo‘lib o‘tdi. Tadbirdan olingan fotosuratlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.

Noyabr oyi o‘rtalarida esa Sirdaryo viloyatining barcha tumanlarida fermerlarning qasamyod qabul qilish marosimlari o‘tkazildi. Avval xabar qilinganidek, fermerlar o‘z kasbiga sodiq bo‘lish, mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shish va insofsiz ishlar bilan shug‘ullanmaslikka qasamyod qilishdi.

O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va yer egalari kengashi nima uchun fermerlar qasamyod qabul qilganiga izoh bera olmadi.

Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova fermerlarning qasamyodi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, hosildorlikni oshirishiga shubha qildi. U fermerlarni qasam ichishga majburlash orqali ularga «ma’naviy cheklov» qo‘yilayotganini aytib o‘tdi.