Samarqand viloyatining Jomboy tumanida fermer xo‘jaliklari 585 gektar maydonda 5500 tonnadan ziyod achchiq qalampir yetishtirdi, biroq bunday hajmdagi mahsulotni sotib oladigan xaridor topilmadi, deya xabar qildi «Narodnoye slovo» gazetasi. Bahorda tumanda achchiq qalampir plantatsiyalarini tashkil etishga 7 mlrd so‘mga yaqin kredit mablag‘lari jalb qilingan.

Fermerlar yangi uzilgan mahsulotlarni Janubi-Sharqiy Osiyo va Yevropa mamlakatlariga sotishni rejalashtirgan. Biroq importchi mamlakatlarda mazkur ekinni olib kirishga vaqtinchalik taqiq qo‘yilishi sababli qalampirga bo‘lgan talab keskin tushib ketdi va xaridlar qisqardi.

Yetishtirilgan hosilni Qashqadaryo viloyatidagi «Bek agro» korxonasi sotib olmoqda, biroq fermerlar kutgan foydasini ololmaydi, deb yozadi nashr. Tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Botir Nazarovning ma’lum qilishicha, yer egalari kiritgan mablag‘larining bir qismini bo‘lsa ham qaytarish uchun qalampirni quritishga majbur bo‘lgan.

«Qalampir yangi uzilgan vaqtida sotilganida, uning vazni taxminan besh barobar ko‘proq bo‘lar, yanada yuqoriroq foydani ta’minlagan bo‘lardi», — dedi u.

«Fermerlar qalampir yetishtirishga qiziqishni yo‘qotmoqda, chunki tijoriy xavfi o‘zini oqlamadi. Uning ustiga kreditlarni banklarga to‘liq, yana foizlari bilan qaytarish kerak, yer egalari buning uddasidan chiqarmikan», — deya yozadi gazeta.

«Narodnoye slovo» so‘rov o‘tkazgan mutaxassislar fikricha, dehqonlarni achchiq qalampir yetishtirishga qiziqtirish uchun hosilni qayta ishlash va sotish bo‘yicha samarali tizim yaratish lozim.

Eksport bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar fermerlarga bo‘lg‘usi hosil uchun moliyaviy kafolat berishlari kerak. Achchiq qalampir yetishtirishga ixtisoslashgan tumanlarda mahsulotni shok muzlatish yoki uni vakuumda qadoqlash bo‘yicha ishlab chiqarish tashkillashtirilishi lozim. Shu orqali mahsulotni imkon qadar yangi uzilgandek holatda bozorlar va iste’molchilarga yetkazib berish imkoni yaratilar edi.

2017 yil dekabrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Orolbo‘yiga safari vaqtida kam hosilli paxta maydonlarini qisqartirish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Paxta o‘rniga esa chili qalampiri yetishtirish taklif etilgan. Yanvarda hukumat mamlakatda ommaviy ravishda achchiq qalampir yetishtirish to‘g‘risidagi qarorni ma’qulladi.

Har yili dunyoda 68,3 million tonna achchiq qalampir yetishtiriladi. Bir gektar maydondan 15−20 tonnagacha hosil yig‘ib olinadi. 4−5 kg hosildan 1 kg quritilgan qalampir olish mumkin. Jahon bozorida 1 tonna mahsulot taxminan 8640 dollardan baholanmoqda, deya qayd etilgan edi.

Joriy yilda, «O‘zbekoziqovqatxolding» ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya va Xitoy bilan 45,9 mln dollarga (har bir tonnasi uchun 1140 dollardan) 40,3 ming tonna quritilgan qalampir yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Turk kompaniyasi bilan esa 49 mln dollarga (1 tonnasiga 1140 dollar) 40,3 ming tonna quritilgan qalampir yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Bundan tashqari, 617,5 mln dollarga 762,6 ming tonna yangi uzilgan mahsulot eksport qilish rejalashtirilmoqda.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston to‘qqiz oy davomida 7,4 mln dollarlik qalampir eksport qildi. 15,6 ming gektar maydonga qalampir ekish uchun «O‘zbekoziqovqatxolding» Hindiston, Indoneziya va Janubiy Koreyadan 15,6 tonna urug‘ sotib oldi.