O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 1-dekabrdagi qarori bilan Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Adliya vazirligining xabar qilishicha, 2019-yil 1-iyuldan boshlab yo‘l harakati qatnashchilari mobil videokamerasiz faoliyat olib borayotgan YPX xodimiga hujjatlarni taqdim etmaslik huquqiga ega ekanligi belgilandi.

Nizomga muvofiq YPX xodimi xizmat vazifasini amalga oshirishda quyidagilarga majbur:

  • vazifalarini mobil videokameradan foydalanib olib borish va bu haqida yo‘l harakati qatnashchilariga ma’lum qilish (2019-yil 1-iyuldan);
  • yo‘l harakati qatnashchisi to‘xtatilganda uning oldiga borish, o‘zini tanishtirish, lavozimi, unvoni familiyasi haqida ma’lumot berish hamda ularga “Siz” deb murojaat qilish;
  • tibbiy yordamga muhtojlarni belgilangan joyga olib borishda fuqarolarga yordam ko‘rsatish;
  • haydovchini tezlikni oshirgani haqidagi maxsus moslamaning ko‘rsatkichlari bilan tanishtirish, talabiga ko‘ra moslamaning qiyoslash sertifikatini ko‘rsatish.

Yo‘l-patrulva patrul-post xizmatlarining barcha xodimlari mobil kameralar bilan faoliyat olib borishi zarurligi to‘g‘risida prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning dekabrida Oliy Majlis palatasiga murojaatida ma’lum qilgan edi. Dastlab ularni tatbiq etishni shu yilning fevralidan boshlash rejalashtirildi.