Meksikaning yangi prezidenti Andres Manuel Lopes Obrador shanba kuni qasamyod qabul qildi. U davlat rahbari lavozimida 2024 yilga qadar faoliyat ko‘rsatadi, deya xabar berdi Euronews telekanali.

Inauguratsiya marosimi vaqtida Andres Obrador korrupsiyaga va jazosizlikka qarshi kurashga, shuningdek AQSH va Kanada bilan aloqalarni mustahkamlashga va’da berdi.

Marosimga prezident o‘zining shaxsiy avtomobilida keldi. Andres Obradorni bir necha politsiyachi kuzatib kelgan, u yurgan yo‘llar boshqa avtomobillar uchun to‘silmagan, svetoforlarda esa xohlovchilar u bilan rasmga tusha olgan.

Andres Obrador Chapultepek parkidagi prezident qarorgohidan foydalanishni ham rad etgan, endilikda bu yer barcha xohlovchilar dam olishi mumkin bo‘lgan madaniyat markaziga aylantiriladi.

Oradan 2,5 yil o‘tib yangi prezident referendum o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Shu yo‘l bilan Obrador fuqarolar uning davlat rahbari lavozimida qolishini istaydimi-yo‘qmi, degan savolga javob oladi.

Andres Obrador so‘nggi o‘n yillikda so‘l qarashdagi ilk Meksika prezidenti bo‘ldi: bunga qadar mamlakatni sentrist Institutsion inqilobiy partiya va ikki marta o‘ng konservativ Milliy harakat partiyasi vakillari boshqargan.