Noyabr oyida O‘zbekiston iste’mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxi o‘rtacha 2,3 foizga ko‘tarildi. Umumiy hisobda 11 oy davomida iste’mol sektorida inflyatsiya darajasi 12 foizni tashkil etdi, deya xabar qildi O‘zbekiston davlat statistika qo‘mitasi.

Oy davomida oziq-ovqat mahsulotlari 2,7 foiz (yil boshidan — 11,4 foiz), nooziq-ovqat mahsulotlari — 1,2 foiz (11,1 foiz), xizmatlar — 3,3 foizga (14,3 foiz) qimmatlashdi.

Davlat statistika qo‘mitasining qayd etishicha, iqtisodiyotga inflyatsion bosimlarning oshishi joriy yilning sentyabr oyidan e’tiboran kuzatila boshlangan. Sentyabrda o‘rtacha oylik iste’mol narxlari 1,8 foiz, oktyabrda 1,3 foiz va noyabr oyida 2,3 foiz, so‘nggi uch oylikda esa narxlar o‘rtacha ko‘tarilishi 5,4 foizni tashkil etgan.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari noyabr oyida 6,5 foizga, tuxum — 9,2 foiz, non mahsulotlari — 2,8 foizga, go‘sht mahsulotlari — 1,5 foiz, guruch — 7,1 foizga (Toshkentda 15,2 foizga), oliy navli bug‘doy uni va undan tayyorlangan non — 2,2 foiz, birinchi navli bug‘doy uni — 2,1 foizga qimmatlashgan.

Yil boshidan buyon asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, kartoshka va tuxumdan tashqari (pasayish mos ravishda 26,4 foiz va 0,4 foiz) narxlari o‘sgan.

Nooziq-ovqat mahsulotlarining inflyatsiyaning umumiy o‘sishiga ta’siri borasida avtomobillar uchun yoqilg‘ilar narxlarining oshishi eng katta ta’sir ko‘rsatdi (narxlar hukumatning 16 noyabrdagi qarori bilan oshirildi). Benzin 4,9 foiz, metan — 8,7 foiz, propan — 5,6 foizga qimmatlashdi. AGTSGlar orqali sotilayotgan gaz 17−22 foizga qimmatlashdi. Biroq Davlat raqobat qo‘mitasi, «O‘zdavneftgazinspeksiya» va soliq organlari tomonidan narxlarga monitoring o‘rnatilgach, aksariyat AGTSGlar narxlarni pasaytirdi.

Kiyim-kechaklar narxlariga 1,1 foiz, oyoq kiyimlarga — 1,3 foiz, dori vositalariga — 1,4 foiz ustamalar qo‘yilgani milliy valyutaning AQSH dollariga nisbatan kuchsizlangani bilan izohlandi.

Bir oy ichida qurilish materiallar o‘rtacha 0,3 foizga arzonlashgan bo‘lsa, 11 oy ichida ular 18,6 foizga qimmatlashdi.

Joriy yilning noyabr oyida aholiga pullik xizmat ko‘rsatish sohasida narxlar o‘sishining asosiy omili — uy-joy kommunal to‘lovlari narxlarining oshganligidir. Ushbu sohada aholi uchun tariflarning 8,7 foizga: issiq suv — 2,4 foizga, isitish — 3,9 foizga, sovuq suv ta’minoti va kanalizatsiya — 4,6 foizga, gaz — 10,4 foizga, elektr energiyasi — 9,4 foizga oshgani iste’mol sektoridagi umumiy inflyatsiya darajasining oshishiga ta’sir etdi.

Mahalliy hokimlik organlari tomonidan narxlari nazorat qilinuvchi boshqa turdagi uy-joy kommunal xizmatlaridan issiq suv, issiqlik ta’minoti, sovuq suv va kanalizatsiya uchun to‘lov narxlari mamlakatning bir qator hududlarida oshgani kuzatildi. Issiqlik ta’minoti va issiq suv uchun to‘lovlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida 10,0 foiz, Qashqadaryo viloyatida issiqlik ta’minoti 10,1 foiz va Andijon viloyatida esa 9,7 foizga oshirildi. Mamlakatning qolgan hududlarida esa narxlar darajasi o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarishsiz qoldi. Umumiy hisobda respublika bo‘yicha issiqlik ta’minoti uchun to‘lov narxlari oy davomida o‘rtacha 3,9 foiz, issiq suv uchun to‘lovlar esa 2,4 foizga qimmatlashgan. Sovuq suv va kanalizatsiya tariflari 3 ta hududda oshirildi: Sirdaryo (20 foiz), Toshkent viloyati (21,9 foiz) va Toshkent shahrida (11,1 foiz).

Kuzatilayotgan boshqa turdagi xizmatlardan avtomobil transportida yo‘lovchi tashish xizmati narxlari tarifi respublika bo‘yicha o‘rtacha 2,4 foiz, haydovchilikka o‘qitish kurslari 4 foiz, tibbiy xizmatlar 1,9 foiz va maishiy turdagi xizmatlar 0,9 foizga qimmatlashdi. Umumiy hisobda joriy yilning yanvar-noyabr oylari davomida xizmatlarning iste’mol narxlari indeksiga kommunal sohasida narxlari tartibga solinuvchi xizmatlar tarifining oshirilishi (respublika bo‘yicha o‘rtacha 23,9 foiz), yo‘lovchi tashish transportidagi yo‘l haqi (12,7 foiz), dam olish xizmatlari (18,9 foiz), til o‘rgatish va haydovchilikka o‘qitish kurslarini hisobga olgan holda ta’lim xizmatlari (16,7 foiz), sport xizmatlari (13,6 foiz), aloqa xizmatlari (11,3 foiz), shuningdek, maishiy turdagi xizmatlarning (10,2 foiz) qimmatlashishi sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatdi.