Ukraina Milliy shakar ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi («Ukrsukor») O‘zbekistonga yetkaziluvchi shakar va boshqa yuklar tushirib olinmayotgani va bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmayotganini ma’lum qildi. Bunday vaziyat Ukrainadan yuklarni qabul qilish taqiqlangani munosabati bilan vujudga keldi, deyiladi xabarda.

To‘satdan vujudga kelgan bunday holat avval imzolangan shartnomalar shartlarining bajarilmasligiga olib keladi. So‘nggi yarim yilda shakarning asosiy importchisi aynan O‘zbekiston bo‘lgani hisobga olinsa, aytishimiz mumkinki, biz asosiy sotish bozorimizni yo‘qotmoqdamiz", - deya izoh berdi «Ukrsukor» tahlil bo‘limi boshlig‘i Ruslana Butilo.

«Ukrsukor» Ukraina Agrar va oziq-ovqat siyosati vazirligi hamda Iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligiga tushuntirish berish va ukrain mahsulotlarini O‘zbekiston hududiga tashishdagi muammolarni hal etish yuzasidan murojaat yubordi.

2017−2018 yillarda Ukraina tashqi bozorga 560,4 ming tonna shakar yetkazib bergan bo‘lsa, uning 209,9 ming tonnasini (79,1 mln dollar) O‘zbekiston import qilgan.

Oktyabrda Ukraina xalqaro savdo mahkamalararo komissiyasi Ukraina avtomobilsozlar assotsiatsiyasi (Ukravtoprom") shikoyati asosida O‘zbekistondan yengil avtomobillar importiga nisbatan antisubsiditsion tekshiruvlarni boshlagan edi.

Ukraina O‘zbekistondan importni cheklash bo‘yicha choralarni qo‘llamagan bo‘lsa ham, Ukrainaning Toshkentdagi elchisi Yuriy Savchenkoning so‘zlariga ko‘ra, ukrain korxonalari, asosan farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari tovarlarni bojxona jarayonlaridan o‘tkazishdagi to‘xtalishlardan shikoyat qilmoqda.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Ukraina tekshiruvlariga javob tariqasida choralar qo‘llash chaqiruvi bilan chiqqan edi. O‘zbekiston hukumati rasmiy bayonot bergani yo‘q. Davlat bojxona qo‘mitasi «Gazeta.uz"ning so‘rovlariga javob bermadi.