28 noyabr kuni Toshkent viloyat prokuraturasi 8-bo‘limi va Bekobod shahar prokuraturasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda sobiq Toshkent viloyat MIB davlat ijrochisi A.S. prokuratura organlari dala xizmat kiyimida S.I. dan firibgarlik yo‘li bilan 500 AQSH dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, A.S. Toshkent viloyat Bekobod tuman IIB YXXB xodimi S.I.ga o‘zini viloyat prokuraturasi 18-bo‘limi tergovchisi deb tanishtirgan va unga nisbatan viloyat prokuraturasining 8-bo‘limi tomonidan ariza yuzasidan tadbir tashkillashtirilayotganligini bildirgan. Unga yordam ko‘rsatishi mumkinligini aytib, 500 AQSH dollari talab qilgan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.