2019 yilning 1 avgustidan boshlab, tovarlar toifasidan kelib chiqib, import qilinadigan va respublikada ishlab chiqariladigan tovarlarni himoyalangan belgi va (yoki) nano-molekulyar texnologiyadan foydalangan holda majburiy markirovkalash joriy etiladi. Bu O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 1 dekabrdagi «Alohida turdagi tovarlarni markirovkalashning zamonaviy usullarini joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida o‘z aksini topgan.

Hujjatga muvofiq, majburiy markirovkalash joriy etilgan sanadan boshlab, alohida turdagi tovarlarni O‘zbekiston hududida markirovkasiz sotish taqiqlanadi.

Markirovkalanishi majburiy bo‘lgan tovarlar guruhlari ro‘yxatiga yangidan qo‘shilgan tovarlarni, ushbu tovarlar ro‘yxatga kiritilgan kundan boshlab 180 kun mobaynida markirovkasiz sotilishiga ruxsat etiladi.

2019 yilning 1 fevraliga qadar eng yaxshi takliflarini saralab olish asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar ishonchliligi va sifatini, yuqori himoyalangan darajasini ta’minlay oladigan, amaliy tajribaga ega bo‘lgan markirovkalash bo‘yicha xizmatlar yetkazib beruvchisi tanlab olinadi.

Qarorda qayd etilishicha, noqonuniy aylanayotgan, past sifatli, kontrafakt va qalbakilashtirilgan mahsulotlar hajmining oshishi sur’atlari kuzatilmoqda, bu esa fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazmoqda, nosog‘lom raqobatga va O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti yo‘qotishlariga olib kelmoqda, shuningdek, korrupsiya va boshqa qonunbuzilishlar yuzaga kelishi uchun sharoit yaratmoqda.