Toshkentda yanvarda «Samara-Chimkent» avtomobil yo‘lidagi yong‘inda 52 o‘zbekistonlik halok bo‘lgan avtobus egasi qo‘lga olindi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar qildi.

Boshqarmaning aniqlik kiritishicha, 46 yoshli O. M. Qozog‘iston huquqni muhofaza qilish organlariga bormay, tergovdan yashirinib yurgan bo‘lgan. Qozog‘istonda u Jinoyat kodeksining 348-moddasi 4-qismi bo‘yicha ya’ni «Avtomobillarni sifatsiz darajada ta’mirlash yoki ularning texnik nosozlik bilan qo‘llash» jinoyatini sodir etganlikda ayblanmoqda.

20 noyabr kuni Sergeli tumanida o‘tkazilgan qo‘shma tezkor-qidiruv tadbirlari davomida davlatlararo qidiruvda bo‘lgan O.M. qo‘lga olingan. 22 noyabrda uni ekstraditsiya qilish masalasi hal qilinmagunga qadar, O‘zbekiston IIVning tegishli muassasasiga joylashtirildi.

Hibsdagi shaxsni Qozog‘iston huquqni muhofaza qilish idoralariga topshirish tartibi Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi xalqaro huquqiy kelishuvlarga ko‘ra o‘tkaziladi, deyiladi IIBB xabarida.