O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 30 noyabrdagi qarori bilan Toshkentda Adju universiteti tashkil etiladi.

Hujjatga ko‘ra, universitetda 2019/2020 o‘quv yilida bakalavriatning «Arxitektura», «Elektrotexnika» va «Qurilish injiniringi» ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab esa Adju universiteti (Koreya Respublikasi) bilan kelishgan holda bakalavriat va magistraturaning yangi istiqbolli ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini, shu jumladan, Adju universiteti (Koreya Respublikasi) standartlari asosida ko‘p tarmoqli klinika, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari va diagnostika markaziga ega tibbiyot fakultetini ochish belgilandi.

Universitetga abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda Adju universiteti (Koreya Respublikasi) tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi.

Universitet ta’lim faoliyatini O‘zbekistonning ta’lim sohasidagi qonun hujjatlarini inobatga olgan holda Adju universitetining (Koreya Respublikasi) o‘quv rejalari va dasturlari asosida amalga oshiradi.

Universitetda o‘qishni tamomlagan bitiruvchilarga O‘zbekistonda oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladigan Adju universitetining (Koreya Respublikasi) belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

Universitetni moliyalashtirish talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar, xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan olinadigan daromadlar, yuridik va jismoniy shaxslarning xayriyalari, manfaatdor tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan texnik ko‘mak mablag‘lari (grantlar), shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Qarorga muvofiq, 2019/2020 va 2020/2021 o‘quv yillarida o‘qishga qabul qilingan talabalar — O‘zbekiston fuqarolari uchun ular universitetni tamomlaguniga qadar O‘zbekiston Davlat byudjeti hisobidan kontrakt summasining respublikadagi boshqa davlat oliy ta’lim muassasalarida tegishli ta’lim yo‘nalishlarida o‘qitish qiymati miqdoridan ortiq qismini to‘lab berish ko‘rinishida davlat ko‘magi taqdim etiladi, kontrakt yuridik shaxslar — salohiyatli ish beruvchilar tomonidan to‘lanishi hollari bundan mustasno.

Davlat ko‘magi taqdim etilgan universitet bitiruvchilari respublikaning davlat tashkilotlarida kamida uch yil ixtisosligi bo‘yicha ishlab berish sharti bilan ishga taqsimlanadi.

1973 yilda «XXI asrning eng yaxshi universiteti» shiori ostida tashkil etilgan Adju universiteti — 11 kollejni o‘z ichiga olgan yetakchi ilmiy tadqiqot universitetlaridan biridir. Seul shahridan 30 km janubda Suvonda joylashgan Adju universitetida 14 ming talaba (9,7 ming nafar bakalavr, 3,7 ming nafar magistr va boshqa kurslarda 500 ta) tahsil oladi.