30 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tavsiyasiga binoan Xorazm viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Farhod Ermanov Xorazm viloyati hokimi etib tasdiqlandi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Farhod Ermanov 1958 yilda tug‘ilgan. Ilgari Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq va suv xo‘jaligi vaziri, Beruniy tumani hokimi lavozimlarida ishlagan.

Keyingi yetti oyda u Xorazm viloyati hokimi vazifalarini bajarishda sinovdan o‘tgan. Xalq deputatlari kengashining partiyalar guruhlari bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlarda ham Farhod Ermanov nomzodi qo‘llab-quvvatlangan.

Avvalroq Xorazm viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari, viloyat prokurori, ichki ishlar va soliq boshqarmalari boshliqlari vazifalariga ham yangi rahbarlar tayinlangan edi.

Prezident viloyat rahbarlari Xorazm xalqi bilan bir tanu bir jon bo‘lib, bugun belgilab berilgan vazifalarni to‘la bajarishi, iqtisodiyotni rivojlantirish va odamlar hayotini yaxshilash bo‘yicha kutilgan natijalarga erishishi zarurligini ta’kidladi.

Sessiyada qayd etilishicha, Joriy yilda viloyatda 312 ta investitsiya loyihasi bajarilib, yangi korxonalar ishga tushirilgan. Yil yakuni bo‘yicha sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 16 foiz, eksport 22 foiz o‘sishi kutilmoqda.

100 ta davlat va xususiy maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etilib, bolalarni bog‘chalarga qamrab olish 33 foizga yetgan.

Xorazm uchun muhim bo‘lgan elektr energiyasi va toza ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ham muayyan ishlar qilindi. 254 kilometr elektr, 456 kilometr suv tarmoqlarida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.

Prezident o‘tgan davrda yaratilgan ish o‘rinlari yetarli emasligi, viloyatda ishsizlik saqlanib qolayotganini ta’kidladi. Iqtisodiyot tarmoqlarini ko‘paytirish, yangi sanoat korxonalari tashkil etish va mavjudlarini kengaytirish, qishloq xo‘jaligi, turizm va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali bandlik darajasini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.