Toshkent harbiy okrugining «Chirchiq» dala-o‘quv maydonida 25 noyabrdan 28 noyabrga qadar davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari ishtirokida yig‘in o‘tkazildi, deya xabar qildi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

O‘tkazilgan yig‘inda vazirlar, ularning o‘rinbosarlari, hokimlar va boshqa darajadagi rahbarlarga O‘zbekiston prezidentining 4 avgustda imzolangan «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida"gi qaroridan, Mudofaa doktrinasidan, mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyatdan kelib chiqadigan vazifalar bo‘yicha ma’ruzalar o‘qildi.

Malakali harbiy mutaxassislar mamlakat mudofaa salohiyatini oshirishda zarur bo‘lgan ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha chiqishlar qildi. Amaliy harbiy mashg‘ulotlar, milliy armiyamiz qurol-aslahasi, harbiy texnika namoyishida ishtirok etdi. Rahbar xodimlar poligonda, harbiy hayot ichida to‘rt kun yashab, nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni kuzatdi, turli qurol namunalaridan amalda o‘q otishdi.

28 noyabr kuni ertalab O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov yig‘in yopilishiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirokchilarga tantanali ravishda sertifikatlar topshirdi.

Mudofaa vazirligining eslatib o‘tishicha, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, korxona, muassasa, tashkilotlar katta-kichik rahbarlarining mudofaa sohasidagi ishtirokiga O‘zbekiston prezidenti 2017 yili Samarqandda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tanqidiy baho bergan edi.

Muammoga yechim sifatida 2017 yil 12 dekabrda prezidentning harbiy-ma’muriy sektorlar xususida farmoni imzolandi.

O‘zbekiston prezidentining farmoyishiga ko‘ra, joriy yildan boshlab Mudofaa vazirligining harbiy qismlarida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa davlat tashkilotlari rahbarlarining yillik yig‘ilishi o‘tkazilishi belgilandi.

Foto