Prezident Urganch shahridagi «Nihol» innovatsion maktabi faoliyati bilan tanishdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.


Joriy yil sentyabr oyida faoliyat boshlagan ushbu nodavlat ta’lim muassasasi boshlang‘ich sinflarga mental arifmetikani o‘rgatishga ixtisoslashgan. Bundan tashqari, bu yerda ingliz, rus tili fanlari chuqurlashtirilgan tartibda o‘qitiladi. O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida shaxmat to‘garagi tashkil etilgan. Kelasi o‘quv yili uchun maktabga tayyorlov guruhlari ish boshlagan.


Maktab qurilishiga 3 mlrd 350 mln so‘m mablag‘ sarflangan bo‘lib, hozirgi kunda ingliz tili, rus tili, mental arifmetika, maktabga tayyorlov, tez o‘qish, faollashtirish o‘quv kurslariga 582 boshlang‘ich sinf o‘quvchisi qamrab olingan. Ularga 17 o‘qituvchi ikki smenada dars berib kelmoqda.


Maktabda 19 ta fan xonasi, kutubxona, oshxona, sport zali, hamshira, o‘qituvchilar xonalari, faollar zali mavjud.


Nodavlat ta’lim muassasasi 250 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, mavjud ehtiyojdan kelib chiqqan holda qo‘shimcha 500 o‘rinli yangi o‘quv binosi barpo etish rejalashtirilmoqda. Chunki, boshlang‘ich sinflarda chuqurlashtirilgan maktabda ta’lim olgan bola yuqori sinflarda oddiy maktabda o‘qishni davom ettirsa olgan bilimini yanada mustahkamlashi qiyin kechadi. Shu bois maktab rahbariyati ta’lim muassasasi yonidan qo‘shimcha yer maydoni va 6 milliard so‘mlik imtiyozli kredit olish niyatida.


Yangi o‘quv binosi qurib, foydalanishga topshirilsa yana 50 ish o‘rni tashkil etiladi. Bolalar boshlang‘ich ta’limni tugatgach, umumiy o‘rta ta’limni shu yerning o‘zida davom ettirish imkoniga ega bo‘ladi.


Prezident maktabdagi sharoitlarni ko‘zdan kechirar ekan, ta’lim muassasasining mazkur tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.


Bugungi kunda viloyatdagi 12 ta «Barkamol avlod» bolalar markazida 4700 dan ortiq o‘quvchi 213 ta to‘garakda ta’lim olmoqda. Biroq ushbu markazlarda mental arifmetikani o‘qitish bo‘yicha mutaxassislar yo‘q. «Nihol» innovatsion maktabi platformalarini viloyatdagi «Barkamol avlod» bolalar markazlariga o‘rnatish orqali o‘quvchilarning intellektual qobiliyatini ochib berish imkoniyati mavjud.


Avvalo, bolalarning ma’naviyatiga e’tibor berishimiz, ularni tariximizga qiziqtirishimiz kerak. Bolalarga bilimni turli o‘yinlar orqali berish zarur, Prezidentimiz.


Davlat rahbari mental arifmetikaga bo‘lgan talabni e’tiborga olgan holda, uni o‘qitish metodologiyasini chuqurlashtirish, mantiqiy fikrlash qobiliyati kuchli o‘quvchilar safini kengaytirish, maktabni jahon standartlariga javob bera oladigan ta’lim muassasasiga aylantirish yuzasidan zarur tavsiyalar berdi.


Maktabga avtobus va o‘quvchilarga planshetlar sovg‘a qilish bo‘yicha topshiriq berdi.