Jinoyat ishlari bo‘yicha Angren shahar sudida o‘ta og‘ir jinoyatlar turkumiga kiruvchi, juda katta miqdordagi pulni aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritgan fuqaro sud qilindi, deya xabar qildi jinoyat ishlari bo‘yicha Angren shahar sudining raisi G‘olib Ergashev «Gazeta.uz"ga.

Avval IIB xodimi, so‘ngra Angren shahar hokimiyatining uy-joy shirkatlari uyushmasi raisi bo‘lib bo‘lib ishlab kelgan Karim (ismlar o‘zgartirilgan) oltinchi marta sudlandi.

U Komila ismli ayoldan onasiga Angren shahridagi 18/19-dahada joylashgan xonadonning o‘rniga berilgan Bunyodkor ko‘chasidagi xonadonlardan birining hujjatlarini rasmiylashtirishda yordam berish evaziga 1100 dollar xizmat haqi so‘raydi.

Ko‘p o‘tmay o‘zi yashaydigan mahallada «Angren shahar hokimligi tomonidan ta’mirga muhtoj bo‘lgan, egasiz hamda kommunal to‘lovlardan katta qarzdorligi bor ko‘p qavatli uylar qarzni to‘lagan shaxslarga rasmiylashtirib berilarmish. Talabgorlar uy-joy shirkatlari uyushmasi raisiga uchrashishi kerak ekan», degan ma’nodagi yolg‘on xabarlarni tarqatadi.

Bu xabarni eshitib, birinchi bo‘lib kelgan Fotima degan ayolga uy-joylarning ro‘yxatini ko‘rsatadi va uni shaharning 2/2-dahasidagi 31-uy, 29-xonadonga boshlab boradi. Bu xonadon chindan ham, ta’mirtalab ahvolda bo‘ladi.

Firibgar uyni rasmiylashtirish uchun oldindan to‘lovni amalga oshirish zarurligini aytarkan, ayolga 6,5 mln so‘m olib kelishini tayinlaydi. Shundan so‘ng uyning kalitini olib bemalol yashashi mumkinligiga ayolni ishontiradi.

Uch xona uy kerak bo‘lgan navbatdagi qurbon — Noila ismli «qarzdorligi 2 ming dollarni tashkil etuvchi» 5/1B dahasidagi 15-uyning 2-qavatidan 3 xonali uyni topgani, biroq hozir u yerda kimdir yashayotgani, ammo tez orada chiqib ketishini aytib, biroz sabr qilib turishga ko‘ndirdi. Uning so‘zlariga ishongan Noila uyni borib ham ko‘rmasdan unga 2 ming dollarni tutqazadi. Karim Noilaning sodda va ishonuvchanligidan foydalanib, uni yana chuv tushirdi. Bu gal u Noilaga yana arzon narxda 3 xonali uy borligini aytdi. Noila bu uyni ham sotib olishini bildirib, unga 2 ming dollarni sanab berdi. Oradan bor-yo‘g‘i ikki kun o‘tgach, u Noilaga shaharning 5/1B dahasida arzon narxda uy chiqib qolgani, zudlik bilan band qilib qo‘ymasa, boshqa kishining qo‘liga o‘tib ketishini aytib, yana 1,5 ming dollar pulini oladi. Shunday qilib, Noilaning jami sakkizta uy uchun 12,5 ming dollari hamda 6 mln so‘mini aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritdi.

Firibgar o‘zining aldovi qurboni bo‘lgan odamlarni 100 ming 900 dollar va 78 mln so‘mga chuv tushirdi.

U o‘zining firibgarlik qilmishini amalga oshirishda uy-joyning shaxsiy mulk egaligini tasdiqlovchi 22 ta qalbaki davlat dalolatnoma tuzgan.

Sud tomonidan oltinchi marta sudlanayotgan bu kimsaga adolatli jazo tayinlandi, u endi umrining 9 yilu olti oyini panjara ortida o‘tkazadigan bo‘ldi.