Osiyo boks konfederatsiyasi (ASBC) qit’ada yilning eng yaxshilarini aniqlash maqsadida so‘rovnoma tashkil qildi. Bir necha yo‘nalishlarda sportchilar eng yaxshi bo‘lish uchun kurash olib bormoqda. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

«Yilning eng yaxshi bokschisi» nominatsiyasida ikki nafar sportchi da’vogarlar qatorida qayd etildi. Jakartadagi Osiyo o‘yinlari g‘oliblari Isroil Madrimov va Iqboljon Xoldorov bu borada nomzod bo‘lib turibdi.

Argentina olimpiadasi, jahon va Osiyo chempionatlari g‘olibi Abdumalik Xalakov qit’ada «Yilning eng yaxshi yosh bokschisi» bo‘lishi mumkin.

Butunjahon boks seriyasida ishtirok etgan eng yaxshi osiyolik bokschi bo‘lish uchun nomzodlar qatorida Bahodir Jalolov va Shahobiddin Zoirov qayd etildi.

«Osiyo boksida yil kashfiyoti» nominatsiyasida Osiyo o‘yinlari g‘olibi Mirazizbek Mirzaxalilov, shuningdek kumush medal sohibi Shunqor Abdurasulov ham kurash olib boradi.

«Osiyoda yilning eng yaxshi texnik mutaxassisi» bo‘lish uchun yana bir o‘zbekistonlik Dilshod Kazakov davogarlik qilmoqda.

Qit’aning eng yaxshi hakami bo‘lish uchun esa Aleksandr Hamidov kurash olib boradi.

Osiyo o‘yinlarida 7 ta imkoniyatdan 7 ta medal jamg‘ara olgan O‘zbekiston boks federatsiyasi ham qit’ada yilning eng yaxshi federatsiyasi bo‘lish uchun nomzod bo‘ldi.