O‘zbekiston Respublikasining favqulodda va muxtor elchisi Alisher Agzamxo‘jayev (qarorgohi Anqara shahrida) Bolgariya Respublikasi prezidenti Rumen Radevga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Bolgariya prezidenti ma’muriyati binosidagi tantanali marosimdan keyin suhbat bo‘lib o‘tdi. Bolgariya rahbari ikki tomonlama munosabatlar holatini yuqori baholar ekan, hamkorlikni kengaytirish uchun mavjud salohiyatga e’tibor qaratdi.

Prezident ishonch bildirishicha, so‘ngi ikki yilda kuzatilayotgan Bolgariya — O‘zbekiston aloqalarining faollashuvi mamlakatlarning siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ikki davlat rahbarlarining o‘tgan yili Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishdan, jumladan qishloq xo‘jaligi, oliy ta’lim va yuqori texnologiyalar sohalarida hamkorlikni rivojlantirishdan tomonlar manfaatdorligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Bolgariyaning mintaqadagi do‘sti, ishonchli va istiqbolli hamkori ekanligini Bolgariya prezidenti qayd etdi, shuningdek, Bolgariya — O‘zbekiston munosabatlarini tomonlarni qiziqtirgan barcha yo‘nalishlarda sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarishga mamlakati tayyor ekanligini bildirdi.

Prezident Rumen Radev prezident Shavkat Mirziyoyevga samimiy qutlov va o‘zining chuqur ehtiromini izhor etdi va Bolgariya tomoni kelgusi 2019 yilda Shavkat Mirziyoyevning Bolgariyaga tashrifini tashkil etishni rejalashtirayotganini tasdiqladi.