Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston prezidentining sobiq matbuot kotibi Komil Allamjonov O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi rahbari v.b. etib tayinlandi.

Kuni kecha Allamjonov yangi lavozimdagi ishiga rasman kirishdi. Bu haqda u o‘zining feysbukdagi sahifasi orqali xabar berdi.

«Yangi jamoa bilan ilk uchrashuv. Bosh vazir o‘rinbosari, Moliya vaziri Jamshid Anvarovich Qo‘chqorov tanishtirdi.

Hayajonli va mas’uliyatli lahzalar. Ommaviy axborot vositalarining ahamiyati, ularning fuqarolik jamiyatini rivojlantirishdagi roli va hissasi beqiyos.

Mamlakatimiz rahbari yurtimizda so‘z erkinligiga katta e’tibor qaratmoqda va bu borada o‘z hissamni qo‘shish men uchun sharaf va mas’uliyatli vazifadir.

O‘zbekiston matbuot va axborot agentiligi rahbarligini menga ishonib topshirishar ekan, men ushbu muassasa jurnalistlar faoliyatining erkinligini kafolatlovchi hamda so‘z va matbuot erkinligini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi tashkilot sifatida shakllanishiga bor kuchimni safarbar etishga harakat qilaman.

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi prezident Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini hayotga keng tatbiq etishi lozim:

«…oldimizda ommaviy axborot vositalari xodimlarining mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, ularning murakkab va mas’uliyatli faoliyatlarini munosib baholash, sohani yanada rivojlantirishga e’tibor qaratish kabi muhim vazifalar belgilangan».

«Biz nashriyot, teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarda oshkoralik, ob’ektiv tahlil va tanqidiy muhitni, shuningdek, jurnalistlarimizning xorij manbalaridan keng foydalanish imkoniyatlarini oshirishni qo‘llab-quvvatlaymiz.

«OAV faqatgina tilda emas, haqiqatda ham to‘rtinchi hokimiyatga aylanishi lozim».