Endilikda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ko‘p martalik kirish-chiqish vizalarini endilikda 3 yilgacha muddatda rasmiylashtirish mumkin. Vazirlar Mahkamasining 27 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qarorida bu haqda so‘z boradi.

Qarorda uch yilgacha muddatga viza uchun 300 AQSH dollari miqdorida to‘lov undirilishi belgilandi. Ilgari ushbu vizalarni uzog‘i bilan bir yilgacha bo‘lgan muddatga rasmiylashtirish mumkin bo‘lgan.

Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘zi borib o‘tkazganlik uchun davlat boji EKOIHning 32 barobaridan 10 barobariga qadar tushirildi.

Qarorda qayd etilishicha, investitsiya kiritish vaqtida O‘zbekistonda o‘rnatilgan EKOIHning 8500 barobaridan kam bo‘lmagan miqdordagi xo‘jalik jamiyatlari ulushlari va aksiyalarini sotib olish, shuningdek xorijiy korxona tashkil etish shaklida O‘zbekistonga investitsiya kiritgan chet elliklarga ko‘p martalik viza beriladi va uning amal qilish muddati O‘zbekiston hududidan chiqish zaruriyatisiz cheklanmagan miqdorda uzaytiriladi.