Markaziy bank monetar siyosati valyuta «qora bozori» mavjud bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bu haqda Markaziy bank Valyutani tartibga solish va to‘lov balansi departamenti direktori chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Valyutani noqonuniy sotish va sotib olish uchun javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasiga izoh berar ekan, banklar valyutani cheklovlarsiz sotayotgani hamda «qora bozor» mavjud bo‘lishi uchun iqtisodiy sabablar yo‘qligini ta’kidlab o‘tdi.

«Kurs har kuni talab va taklifdan kelib chiqqan holda belgilanadi. Banklar jismoniy shaxslarga cheklovlarsiz valyuta sotmoqda», — dedi u.

Bobir Abubakirov so‘zlariga ko‘ra, «qora bozor"ning mavjud bo‘lishi «muayyan fiskal siyosat» bilan bog‘liq.

«Mokisimon import bilan shug‘ullanuvchi ayrim tadbirkorlarning byudjetga to‘lovlarni amalga oshirishdan qochib, chegaralarni kesib o‘tishda o‘z tovarlarini yashirishlari mumkinligi» xorijiy valyutaga talabni oshirishi mumkin, deb hisoblaydi u.

O‘zbekiston banklari 1 apreldan konversion kartalardan naqd pul mablag‘larini yechib olish imkoniyatini taqdim etmoqda, biroq xorijiy valyutani to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish masalasi ko‘rib chiqilayotgani yo‘q, deya ma’lum qildi MB vakili.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi bayonotidan iqtibos keltirar ekan, departament rahbari konversion kartalarni cheklov sifatida ko‘rmaslik kerakligini ta’kidlab o‘tdi. «Naqd xorijiy valyutani to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish masalasi har doim ko‘rib chiqiladi. Ehtimol, u yangi tahrirdagi valyutani tartibga solish to‘g‘risidagi qonun (loyiha ko‘rib chiqish uchun hukumatga taqdim etilgan — tahr.) qabul qilingandan keyin ko‘rib chiqiladi», — dedi u.

Markaziy bankning pul-kredit siyosati boshqarmasi direktori Behzod Hamroyev davlat banklari valyutani sotish va sotib olish yo‘li bilan pul topish imkoniyatidan foydalanmasligini aytdi.

«Agar siz shahardagi [Toshkent] valyuta ayirboshlash punktlarida valyuta sotish va sotib olish o‘rtasidagi narx farqiga qarasangiz, unda o‘rtacha 50−60 so‘m farqlanadi. Bank 1 dollarni sotib olish va sotishdan 50−60 so‘m pul topishi mumkin. Xususiy banklar bu borada juda faol ish olib bormoqda, ular ko‘proq sotishga harakat qilishadi, chunki fond birjasida yetarli valyuta mavjud, cheklov yo‘q. Bu katta biznesdir», — dedi u.

Hududlardagi banklar faoliyatiga baho berar ekan, Behzod Hamroyev banklarning haligacha eskicha ishlayotganini ta’kidladi. «Markaziy bankning sa’y-harakatlari banklarning tijoratga urg‘u qaratishini ta’minlashga yo‘naltirilgan», — dedi u.

Markaziy bankning Xalqaro hamkorlik va kommunikatsiyalar departamenti direktori Dilbar Abdug‘aniyeva joriy banklarning muammosi «topshiriq asosida» ishlashga ko‘nikib qolganida, deb hisoblaydi. «Ko‘plab davlat banklari tadbirkorlar sifatida ishlamaydi. Ularni uyg‘otish kerak va mijozlar sizning ortingizdan emas, siz ularning ortidan chopasiz, deb aytish kerak. Markaziy bank bu ishni bajaradi», — dedi u.

Dilbar Abdug‘aniyeva Markaziy bankning moliyaviy savodxonlik va moliyaviy ta’limni yaxshilash bo‘yicha faol ishlay boshlaganini qo‘shimcha qildi. «Albatta, odamlar banklardan qo‘rqadilar. Markaziy bank moliyaviy imkoniyatlar va aholi moliyaviy savodxonligini oshirish bo‘yicha kompleks ishlarni amalga oshiradi «, dedi u.