O‘zbekiston yil so‘ngiga qadar suveren kredit reytingini olish, 2019 yilning birinchi choragida esa tashqi bozorga obligatsiyalarni chiqarishni rejalashtirmoqda, dedi moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov.

29 noyabr kuni Toshkentda 2019−2021 yillarda tuzilmaviy islohotlarning asosiy yo‘nalishlari «yo‘l xaritasi» taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, mamlakat hukumati, xalqaro biznes va ekspertlar jamoasi vakillari ishtirok etdilar.

Bosh vazir o‘rinbosari ayni paytda hukumat uchta reyting agentligi — Fitch, Moody’s, Standard & Poors bilan ish olib borayotganini ma’lum qildi. «Albatta, ular qanday baho berishlarini aytishmaydi. Bizda ob’ektiv kamchiliklar va ob’ektiv yutuqlar bor», — dedi u.

Bosh vazir o‘rinbosari kamchiliklar qatorida O‘zbekiston YAIMning aholi jon boshiga taqsimoti hajmining pastligi, mamlakatning qator reytinglardagi o‘rni quyida ekani yoki umuman yo‘qligini sanab o‘tdi. Yutuqlar qatorida esa tashqi qarz miqdorining pastligi — YAIMning 24 foizgachasini tashkil etishi, oltin-valyuta zaxiralari hajmining yuqoriligi hamda islohotlarga siyosiy irodaning kuchli ekanini aytdi.

«Birinchi chorakda [2019 yil], bu yil o‘xshamaydi, investorlar o‘z kitoblarini yopishdi», — dedi bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekiston hukumatining obligatsiyalarni tashqi bozorga chiqarishning ehtimoliy muddatlari to‘g‘risida.

Jamshid Qo‘chqorov «bozor oldindan xulosa chiqarmasligi uchun» qancha hajmda obligatsiyalar chiqarilishi borasida ma’lumot bermadi. «Ikkilamchi bozorda aylana olishi, narxi maqbul bo‘lishi uchun hajm kichik bo‘lmasligi kerak», — deya qo‘shimcha qildi bosh vazir o‘rinbosari.