O‘zbekiston Prezidenti 27 noyabr kuni «O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining bayrog‘i va emblemasini ta’sis etish to‘g‘risida"gi farmonini imzoladi. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi bayrog‘i to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi ko‘k rangli mato ko‘rinishiga ega bo‘ldi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmatiga tayanib O‘zA xabar qildi.

Bayroqdagi ko‘k rang hokimiyat, ulug‘vorlik, qadr-qimmat, kuch va qudratni ifoda etadi. Bayroqning old va orqa tomoni markazida geraldik belgi — Mudofaa vazirligining emblemasi tasvirlangan.

Bayroqning uzunligi 250 sm, eni — 125 santimetrga teng. Boshqa o‘lchamlardagi bo‘lganida bayroqning uzunligi va kengligi nisbati 1:2 ni tashkil etishi lozim bo‘ladi. Mudofaa vazirligining geraldik belgisi — emblemasi esa sariq va ko‘k rangli aylana tasmasi bo‘lgan sariq rangdagi doiradan iborat. Aylana tasmaning yuqori qismida sariq rangli bosh harflar bilan lotin alifbosida «O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI», pastki qismida — «MUDOFAA VAZIRLIGI», deb yozilgan.

Emblemaning ichki qismida qadim zamonlarda davlatchilik, barkamollik, birlik va lashkarlik ramzini anglatuvchi, shuningdek, qadim Sharq davridan ilmiy me’morchilikning asosiy elementi bo‘lmish sakkiz qirrali yulduz joylashgan.

Yulduzning burchaklari o‘rtasida zarrin rangdagi nurlar taramlari mavjud. Sakkiz qirrali yulduzning o‘rtasida otda savlat bilan o‘tirgan buyuk sarkarda Amir Temur tasvirlangan. Fon va figura mintaqamizga xos bo‘lgan, shuningdek, kuch va qudrat ramzi hisoblanuvchi zarrin rangda bajarilgan.