Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot kengashi O‘zbekistonning MXTga a’zo bo‘lish uchun bergan arizasini ma’qulladi. Shu tariqa mamlakat tashkilotning 173-a’zosi bo‘ldi, deya xabar bermoqda Norma.uz nashri.

1951 yilda tashkil etilgan Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot migratsiya sohasida yetakchi hukumatlararo muassasa hisoblanadi, hukumat, hukumatlararo va nohukumat tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

MXT faoliyati migratsiyani regulirovkalash chora-tadbirlarini tartibga solish va gumanizatsiyalash, migratsiya sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, migratsiya muammolarining amaliy yechimlarini izlashda ko‘mak berish hamda migrantlarga, shu jumladan qochoqlar va ichki ko‘chuvchilarga gumanitar yordam berishga yo‘naltirilgan. MXT Ustavida qayd etilishicha, migratsiya jarayonlari iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jihatdan rivojlanish, shuningdek insonlarning harakatlanish erkinligiga doir huquqi bilan bog‘liq.

O‘zbekistonning MXTga a’zo bo‘lish masalasi O‘zbekiston hukumatining rasmiy talabiga binoan kengash sessiyasi kun tartibiga kiritilgan edi. Tashkilot O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi boshqa mamlakatlarning odam savdosi qurbonlari va yordamga muhtoj migrantlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘mak bera boshlagan 2003 yildan buyon O‘zbekiston bilan hamkorlik qiladi.

MXT tashabbusiga ko‘ra migrantlarning huquqlarini himoya qilish inson huquqlari bo‘yicha birinchi Osiyo forumida qabul qilingan inson huquqlari bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasiga kiritilgan. Hujjat matnida shunday deyiladi: «Davlatlar barcha migrantlarning, ularning migratsiya maqomidan qat’i nazar, Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq inson huquqlari hurmat qilinishi, muhofaza etilishi va amalga oshirilishini ta’minlashga intilishlari shart».