O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 noyabr kuni mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini yanada rag‘batlantirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, 1 yanvardan boshlab 2019 yil 1 yanvardan boshlab tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni, shu jumladan, komissioner (ishonchli vakil) orqali realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumida eksport ulushi 15 foizdan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslar soliq solinadigan bazani tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni eksportga realizatsiya qilish hajmiga to‘g‘ri keladigan foyda qismi yuzasidan yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i bo‘yicha, tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni eksportga realizatsiya qilish hajmiga to‘g‘ri keladigan qismi yuzasidan yagona soliq to‘lovi bo‘yicha kamaytiradilar.

Ushbu bandda nazarda tutilgan imtiyozlar ilovaga muvofiq ro‘yxat bo‘yicha (mazkur ro‘yxat hali e’lon qilinmadi) xomashyo tovarlarini eksport qilishga, shuningdek, xalqaro tashishlar (avtotransportdan tashqari) hamda uzatish quvurlari va gaz quvurlari orqali yetkazib berish xizmatlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Joriy etiluvchi imtiyozlar Soliq kodeksining yangi tahririda belgilanadi.

Imtiyozlar qo‘llanilishi natijasida to‘lanmagan mablag‘lar quyidagi hollarda qonun hujjatlariga muvofiq penya hisoblangan holda O‘zbekiston Davlat byudjetiga undiriladi:

  • tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksporti faktini qonun hujjatlariga muvofiq tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmaganda;
  • tovarlar eksport rejimiga chiqarilgan kundan boshlab 180 kun mobaynida valyuta tushumi ta’minlanmaganda.