28 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan «Ilmga e’tibor — kelajakka e’tibor» nomli oliy ta’lim muassasalari talabalarining to‘lov-shartnoma pullarini to‘lab berish bo‘yicha xayriya aksiyasining taqdimoti o‘tkazildi. Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rahbar xodimlari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar qatnashdi. Bu haqda «Vaqf» xayriya jamoat fondi matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimot tadbirida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Abdulaziz Mansur, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Odil Qalandarov, «Vaqf» fondi rahbari Iskandar Xalilov so‘zga chiqib, «Ilmga e’tibor — kelajakka e’tibor» nomli xayriya aksiyasi va uning amaliy ahamiyati borasida yig‘ilganlarga batafsil ma’lumot berib o‘tdilar.

Notiqlar «Vaqf» fondi tomonidan amalga oshirilayotgan muhim tadbirlardan biri respublikadagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj talaba yoshlarning moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida, 145 nafar talabaga 1.243.200.782 so‘m miqdorida to‘lov-shartnoma pullari to‘lab berilganini alohida qayd etdilar.

Shuningdek, o‘tgan davr mobaynida fond tomonidan diniy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini moliyalashtirish uchun 298.631.000 so‘m, diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, talabalarni moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun 165.650.000 so‘m, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar talaba farzandlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 1.243.200.782 so‘m, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun 1.170.867.159 so‘m, «Muruvvat karvoni» xayriya tadbiri doirasida 388.903.100 so‘m, jami bo‘lib 3.343.956.041 so‘mdan ziyod mablag‘lar xayriya qilindi.

Eslatib o‘tamiz, hozirgi kunda fond tomonidan «Ilmga ko‘mak beramiz», «Malham», «Nikoh to‘ylari», «Ro‘zg‘or», «Ehtiyojmandlarga ko‘mak» «O‘z kasbining fidoyisi», «Obod xonadon», «Obi-hayot» kabi aksiyalar amalga oshirib kelinmoqda.