Prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasi milliy aviatsiyasini tubdan takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi, deya xabar qildi «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

28 noyabr kuni bosh vazir Abdulla Aripov kompaniyaga tashrif buyurib, farmonni ijro etishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Hujjatda Milliy aviakompaniyani qayta tashkil etish hamda uning bazasida alohida Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports (aeroportlarni boshqarish bo‘yicha) aksionerlik kompaniyalarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Aviakompaniya tarkibiga kiruvchi Davlat unitar korxonalari mas’uliyati cheklangan jamiyat etib qayta tashkil etiladi. Bu, jumladan, Uzbekistan Airways Technics samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ta’mirlash bo‘yicha aviakorxonasiga ham taalluqli.

«O‘zaeronavigatsiya» markazi Vazirlar Mahkamasiga beriladi. «Maxsus aviatsion ishlar aviakompaniyasi» DUK bazasida Uzbekistan Helicopters MCHJ tashkil etiladi.

Farmonda bir martalik parvozlar va aerodromlar yaqinida ob’ektlar qurilishiga ruxsat berish bo‘yicha vakolatlar berish, shuningdek Davavianazorat tuzilmasini takomillashtirish va shtat birliklarini oshirish yo‘li bilan Davavianazoratga aviatsiya sohasida raqobat muhitini yaratish va davlat nazoratini kuchaytirish ham ko‘zda tutilgan.

«Gazetauz» axborot manbalari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, prezident Transport vazirligini tashkil etish bo‘yicha ham topshiriq bergan.