Shu kunlarda Yaponiya poytaxti Tokio shahrida Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi (MOQA)ning XXIII Bosh Assambleyasi o‘tkazilmoqda. Unda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov ham ishtirok etmoqda. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Assambleya kun tartibidan Pxyonchxan va Buenos-Ayres olimpiadalari yakunlari bo‘yicha hisobotlar tinglanishi, MOQA prezidenti, Bosh kotibi va mas’ullarning chiqishi, moliyaviy hisobotlar, WADA hisoboti va boshqa masalalar o‘rin olgan. Shuningdek, 2026 yilgi Olimpiya o‘yinlari uchun nomzod shaharlar taqdimoti ham bo‘lib o‘tadi.

Undan tashqari tashkilot prezidentligi uchun saylovlar ham o‘tkazilishi ko‘zda tutilgandi. Insidethegames nashri ma’lumotiga ko‘ra, ushbu lavozim uchun yagona nomzod assotsiatsiyaning amaldagi rahbari shayx Ahmad Fahad Saboh hisoblanardi. O‘z navbatida, Saboh FIFA sobiq amaldori Richard Lay bilan bog‘liq yuzaga kelgan muammolar, shuningdek oilaviy sabablarga ko‘ra, ixtiyoriy ravishda o‘z nomzodini qaytarib olishini ma’lum qildi. MOQAga vitse-prezident sifatida saylangan Robin Mitchell endilikda vaqtinchalik prezident vazifasini bajaradi.