Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati Urgut tuman sudi Qarshi tuman IIBning sobiq boshlig‘i Jahongir Rajabovga ikki yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi, deya xabar qildi sud mahkamasi «Gazeta.uz"ga.

Unga uch yil davomida korxonalar, muassasalar, tashkilotlarda va ichki ishlar organlari tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash taqiqlandi.

Jahongir Rajabov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining JKning 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi.

U 2015 yil aprelidan 2018 yil 24 iyuliga qadar Qarshi tuman IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan. Sud hukmida qayd etilishicha, Jahongir Rajabov Qarshi tumanida 3-sektor rahbari sifatida kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun mas’ul bo‘lgan va 12 iyun kuni hokimiyat binosida davlatga g‘alla topshirish rejasini bajarmagan fermerlarga qo‘l ko‘targan.

Jumladan, u jamoa oldida uch nafar fermer xo‘jaliklari raislari — A. Nazarov, B. To‘rayev va B. Toshevni haqoratlab, yuz qismlariga qo‘llari bilan uradi.

Bundan tashqari, 17 iyun kuni Jahongir Rajabov H.Jumayeva boshqarib keladigan fermer xo‘jaligi dala shiyponida fermer xo‘jaliklari rahbarlarini yig‘ib, rejani bajarmagan fermer xo‘jaliklari rahbarlari A.Nazarov, R.Xo‘jaqulov, B.Turayev, Sh. Babanov, S.Zayirov va B.Toshevni g‘alla rejasini bajarmayotgani sababli qasddan yuz qismlariga qo‘llari bilan urib, oyoqlari bilan tepib, haqorat qilgan.

24 iyun kuni fermerlar A. Nazarov, R. Xo‘jaqulov, A. Qorjovov, M. Toshev va I. Ostonovga nisbatan yuqoridagi kabi noqonuniy harakatlarini takrorlaydi.

Bundan tashqari, 12 ma kuni Qarshi tumanida Jahongir Rajabov undan suv yetkazib berishda ko‘maklashishni so‘ragan fermer xo‘jaligi raisi N. Kenjayevaning yuziga bir necha marta uradi.

Sudlanuvchi o‘z ayblarini to‘liq tan oldi va sodir etgan qilmishida afsusda ekanini ta’kidladi, jabrlanganlarga tovon puli to‘lashga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bunda fermerlarga «o‘z manfaatlari uchun» qo‘l ko‘tarmaganini ham qayd etib o‘tdi.

Jahongir Rajabovga nisbatan ikki yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi, u Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani Mang‘it qishlog‘ida jazoni o‘taydi.