«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasining HY272 reys bilan Istanbuldan Toshkentga parvoz qiluvchi samolyoti dvigateliga qush urilgani sababli ucha olmadi. Bu haqda aviatashuvchi matbuot xizmati xabar qildi.

Boeing 767 samolyotining nosoz ekani havo kemasining HY271 reysi bilan Toshkentdan Istanbulga uchib kelganidan so‘ng aniqlandi. Samolyotni ko‘rikdan o‘tkazishda qush urilishi natijasida ventilyatorning ikki dona kuragiga shikast yetgani aniqlandi.

Shikastlangan samolyotni ta’mirlash uchun zarur uskuna va ehtiyot qismlar tungi reys bilan Toshkentdan Istanbulga yetkaziladi. Ular olinganidan so‘ng samolyot yaqin muddatlarda foydalanishga topshiriladi, deya qayd etdi kompaniya.

HY272 reysi nosozlik to‘liq bartaraf etilguniga qadar ushlab turiladi. Yo‘lovchilar mehmonxonaga joylashtirildi.