26 noyabr kuni O‘zbekiston Superligasining 31-turi doirasida poytaxtdagi ikki jamoa - «Lokomotiv» va «Paxtakor» uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. «Lokomotiv» maydonida bo‘lib o‘tgan o‘yinda mezbonlar «Paxtakor"dan 3:2 hisobida ustun kelib, chempionlikni muddatidan avval hal etdi.

Hisob 19-daqiqada Igor Yelich tomonidan ochildi. U 25 metrlardan juda kuchli zarba bilan darvozaning yuqori burchagini aniq nishonga oldi. 38-daqiqada esa Marat Bikmayev penaltidan gol kiritdi.

Ikkinchi taymda (51-daqiqa) Farrux Sayfiyev tomonidan uzatilgan to‘pni Dragan Cheran Ignatiy Nesterov qo‘riqlayotgan darvozaga aniq yo‘llab, hisobni qisqartirdi - 2:1. Uchrashuvning 70-daqiqasida Marat Bikmayev dubl qayd etib, hisobni 3:1 holiga keltirgan bo‘lsa, oradan 16 daqiqa o‘tib Tiago Bezerra «Lokomotiv» darvozasiga gol kiritib, uni 3:2 qisqartirdi. O‘yin shu hisob bilan yakuniga yetdi.

Mazkur natijadan so‘ng, «Lokomotiv» 43 ochko jamg‘arib, musobaqa yakunlanishiga 1 tur qolganida chempionat peshqadamligini mustahkamlab, o‘z tarixida ketma-ket uchinchi marta O‘zbekiston chempioniga aylandi. «Paxtakor» esa kumush medallar bilan cheklanadi.

Superliga, 31-tur

«Lokomotiv» — «Paxtakor» 3:2 (2:0).

Gollar: Igor Yelich (19), Marat Bikmayev (38 pen, 70) — Dragan Cheran (51), Tiago Bezerra (86)