23 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasining Kazan shahri Janubiy avtostansiyasidan yo‘lga chiqqan avtobus 26 noyabr kuni Toshkent avtovokzaliga yetib keldi, deya xabar qildi O‘zA.

«Toshkent — Kazan — Toshkent» xalqaro avtobus yo‘nalishi masofasi 2651 km bo‘lib, yo‘nalishga sarflanadigan vaqt 43 soatni tashkil etadi. Yo‘nalishning harakat jadvali bo‘yicha O‘zbekistonning «G‘isht ko‘prik» chegara maskani, Qozog‘istonning «Jibek joli» va «Jaysan» chegara maskanlari hamda Rossiyaning «Sagarchin» chegara maskanlari orqali o‘tish vaqti 30 daqiqa davomida yo‘lovchilar ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Mazkur xalqaro avtobus yo‘nalishida O‘zbekiston tomondan «O‘zavtotrans servis» MCHJ va Rossiya Federatsiyasi tomonidan ya’ni Kazan tomondan «Mir Transporta» MCHJlar faoliyat ko‘rsatadi.

Ushbu yo‘nalishda haftasiga ikki marotaba seshanba va juma kunlari qatnovlar amalga oshiriladi. Yo‘nalish bo‘yicha yo‘l kira haqi tarifi O‘zbekiston pul birligida 500 ming so‘m, Rossiya pul birligida 5500 rubl etib belgilangan. Qatnovlar Xitoyda ishlab chiqarilgan zamonaviy «YUTONG» rusumli avtobuslar amalga oshirilmoqda.

«O‘zavtotrans servis» MCHJ va «Mir Transporta» MCHJlar tomonidan Rossiya Federatsiyasi hududi Kazan shahrida yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun avtobuslarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish, haydovchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va avtobuslarni sanitariya talablariga mos xolga keltirish bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma imzolangan.