Ijtimoiy tarmoqlarda dushanba kuni aralash janglar ustasi Murod Xonto‘rayev va uning tanishlariga «Toshkent» savdo markazi yaqinidagi ofisida qilingan hujum ma’lumotnomasi tarqaldi. «Gazeta.uz"ning huquqni muhofaza qilish organlaridagi axborot manbasi hujjatning haqiqiy ekanligini tasdiqladi.

Ҳодисаdaнсo‘ng sportchi taxminan 14:30 da Shayxontohur tumanidagi bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, bosh o‘ng tepa sohasi ezilib yorilgan jarohati, o‘ng son, dumba sohasi ko‘plab sanchilib kesilgan jarohatlari (9ta), ikkala ko‘krak sohasi sidirilgan jarohati tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Hujjatda hodisa Murod Xonto‘rayevning «Chorsu» maydonidagi «Toshkent» savdo markaziga tutash qilib qurilgan binodagi ofisida sodir bo‘lgani qayd etilgan. Mazkur manzilda dezinseksiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi Silver Power kompaniyasi ro‘yxatdan o‘tgan.

Murod Xonto‘rayevga hujum qilingan vaqtda u bilan toshkentlik fuqaro Anvar R. (1984 yilda tug‘ilgan, muqaddam O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 273-modda 5-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish), 227-modda 1-qismi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish), 271-modda 3-qismi «b» bandi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda egallash) bo‘yicha sudlangan) hamda buxorolik Ikrom S. (1988 yilda tug‘ilgan, muqaddam 166-modda 2-qism «b» bandi (talonchilik, ancha miqdorda) sudlangan) ham bo‘lgan.

Ularning ma’lum qilishicha, 6-8 kishi qora maxsus kiyimlarda va niqoblarda binoga bostirib kirib, yerga yotishga buyruq bergan. Ular davlat xizmatlari xodimlari deb o‘ylagan va yerga yotishgan. Noma’lum shaxslar Murod Xonto‘rayev va Ikrom S.ni o‘tkir buyumlar, armatura, rezina to‘qmoq va pnevmatik qurollar bilan kaltaklab, ularga tan jarohatlari yetkazgan va hodisa joyidan yashiringan (ijtimoiy tarmoqlarda gumonlanuvchilarning qanday qilib binoga bostirib kirgani va undan chiqqani tasvirlangan video tarqaldi).

Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b» va «v» bandlari (bezorilik, bir guruh shaxslar tomonidan sovuq qurol yoki kishining sog‘ligi uchun amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan narsalarni (qurol sifatida) namoyish qilib, ularni qo‘llash bilan qo‘rqitib yoxud qo‘llab) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.