Oynalari tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) xorijiy avtomobillar O‘zbekistonga vaqtincha kirganda va tranzit harakatlanganda haq to‘lash tartibini belgilovchi loyiha QHTBT portalida joylashtirilgan. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 18.07.2018 yildagi 547-son qaroriga muvofiq, joriy yil 1 avgustdan boshlab jismoniy va yuridik shaxslarga tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtomobillardan pulli asosda foydalanishga ruxsat berilgan. Ushbu hujjatda xorijiy davlatlarning oynalari tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtomobillarining mamlakatimiz hududiga vaqtincha kirishi va tranzit harakatlanishi uchun majburiy yig‘imlarni undirish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi topshirilgan.

Nizom O‘zbekiston hududiga vaqtincha kirayotgan yoki tranzit harakatlanayotgan hamda bir vaqtning o‘zida quyidagi alomatlarga javob beradigan yengil avtomobillarga nisbatan tatbiq etiladi:

xorijiy davlatlarning ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlarida hisobga qo‘yilgan;

yo‘lovchilarni tashish uchun foydalaniladigan;

haydovchi o‘rindig‘idan tashqari, o‘rindiqlari soni 8 ta ortiq bo‘lmagan;

og‘irligi 3,5 tonnadan ortiq bo‘lmagan;

old, yon va orqa oynalaridan bittasi yoki bir nechtasining (tomidagi lyukdan tashqari) tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan).

Rasmiy xorijiy delegatsiyalarning tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtomobillariga qoidalar daxl etmaydi.

Kiruvchi xorijiy avtomobillar oynalari tusini o‘zgartirganligi (qoraytirganligi) uchun yig‘im miqdori 15 AQSH dollarini tashkil etadi. To‘lov hisob-kitob kunidagi kurs bo‘yicha so‘mda, to‘lovchining tanloviga ko‘ra — naqd pulsiz shaklda yoki naqd pul bilan tijorat banklari orqali bevosita bojxona postlarida amalga oshiriladi.

Naqd to‘lovlar quyidagi tartibda undirilishi ko‘zlanmoqda. Chegara bojxona postlari oynalari tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) barcha kiruvchi xorijiy avtomobillarni haq to‘lash uchun o‘sha yerda joylashgan bank kassalariga yo‘llaydilar. Kassalar, o‘z navbatida, to‘lovlarni qabul qiladilar va avtomobilning ro‘yxat raqami belgisi qayd etilgan kvitansiyani rasmiylashtiradilar. Bunda kvitansiya IIB tomonidan beriladigan oynalarning tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnomaga tenglashtiriladi. Uning bir nusxasi haydovchiga topshiriladi.

Oynalari tusini o‘zgartirganligi (qoraytirganligi) uchun yig‘im to‘lamaganlarni aniqlash yo‘l-patrul xizmati zimmasiga yuklatildi. Kvitansiya mavjud bo‘lmaganda u belgilangan tartibda ma’muriy bayonnoma tuzadi.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.