Toshkent tibbiyot akademiyasi hamda Koreya sog‘liqni saqlash sanoatni rivojlantirish instituti (KHIDI) hamkorligida Xalq tabobati markazining ochilish marosimiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Prezidentning 2017 yil 27 noyabrdagi PQ-3406 “O‘zbekiston va Koreya Respublikalari o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hamda 2018 yil 10 oktyabrdagi PQ-3668 “O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorlarning ijrosi yuzasidan Toshkent tibbiyot akademiyasida Koreya sog‘liqni saqlash sanoatni rivojlantirish instituti (KHIDI) hamkorligida Xalq tabobati markazi tashkil etilmoqda.


Chong-Yon Koreya xalqaro klinikasi 2015 yildan buyon Koreya Respublikasining tibbiyoti globallashuvi bilan bog‘liq loyihani amalga oshirib kelmoqda. Bo‘lib o‘tayotgan ilmiy seminar ikki davlatning tabobat yo‘nalishida fikrlar almashinuvi va mazkur sohani rivojlantirishga keng eshiklar ochib berdi.

“Koreya an’anaviy tibbiyoti inson tanasi butunligi va undagi hayotiy hodisalarni, inson hamda tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlikni ochib beradi. Koreya an’anaviy tibbiyoti ming yillar davomida takomillashib kelayotgan sharqona xalq tabobati davolash usullarini o‘zida saqlagan holda, zamonaviy ilmiy tadqiqot va tibbiy texnologiyalar asosida to‘laqonli tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini ishlab chiqdi”, — deb o‘z so‘zini boshladi Chong-Yon xalqaro markaz direktori Pak Jon Sin.


Ilmiy seminarda ta’kidlandiki, so‘ngi yillarda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar fuqarolarning zamonaviy tibbiy xizmatlarga, dori-darmonlar bilan ta’minlanishga bo‘lgan imkoniyatlarini kengaytirdi, shuningdek, ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifati va samaradorligi yaxshilanmoqda. Zamonaviy tibbiyotni an’anaviy sharqona tabobatning ilmiy asoslangan metodikalari bilan birga olib borish uni takomillashtirish yo‘ldagi keyingi bosqich hisoblanadi.


Koreya an’anaviy tibbiyotining o‘ziga xosligi shundaki, tibbiyot yo‘nalishida yuqori malakali kadrlar tayyorlashning noyob tizimi yaratilgan, aniq tashxis quyish uchun Sharq va G‘arb tibbiyot amaliyotlari zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirilgan, qolaversa chet ellik bemorlarga shaxsiy yordam ko‘rsatadigan Koreya an’anaviy tibbiyot klinikalari va shifoxona xizmatlari tashkillashtirilgan. Markazda issiq ignali davolash, farmokapunktura, shuvoq va boshqa shu kabi dorivor vositalardan foydalanib, Chuna, Chimsul, Buxag, Tim kabi qator an’anaviy usullar orqali bemorlar davolanadi. Ushbu mavzular bo‘yicha Toshkent tibbiyot akademiyasi hamda Koreya sog‘liqni saqlash sanoatni rivojlantirish instituti (KHIDI) hamkorligida Xalq tabobati markaz direktori va meditsina xodimlari o‘z fikrlarini bildirdilar va markaz ochilishini juda muhimligini alohida ta’kidlab o‘tdilar.


Reklama huquqi asosida.