Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari Sherobod tumanida sport quroli va uning o‘n to‘rt dona o‘qini ushlab qoldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Xolislar ishtirokida fuqaro Sh. Ya.ga tegishli «Volga» rusumli avtomashina ko‘zdan kechirilganda yengil mashinaning orqa yuk xonasidagi metan gaz balloni ortiga yashirilgan bir dona «Baykal» sport quroli va o‘n to‘rt dona o‘q borligi aniqlandi. Qurol va o‘qlar tegishli tartibda rasmiylashtirilib, vaqtincha saqlovga olindi.

— Viloyat hududida o‘q-otar qurol va o‘q-dorilarning noqonuniy olib o‘tilishiga qarshi zarur choralar ko‘rilmoqda, — deydi viloyat bojxona boshqarmasi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar guruhi inspektori Shohro‘z O‘ralov. — Chunki, mamlakatimizda o‘q otar ov, sport qurollari hamda o‘q-dorilari sotib olinishi, olib yurilishi va foydalanilishi, shuningdek, yurtimiz hududiga olib kirish va olib chiqish ichki ishlar organi ruxsatnomasi asosida amalga oshirilishi qat’iy belgilab qo‘yilgan. Shunga muvofiq, ayni paytda mazkur holat yuzasidan ham tegishli surishtiruv ishlari olib borilmoqda.