O‘zbekiston prezidenti 24 noyabr kuni bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish va Davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

2019−2020 yillarda «Yallama» va «S.Najimov» (Toshkent viloyati), «Do‘stlik» (Andijon viloyati), «Olot» (Buxoro viloyati), 2020−2021 yillarda «Dout-ota» (Qoraqalpog‘iston Respublikasi), «Madaniyat» (Andijon viloyati), «O‘zbekiston» (Farg‘ona viloyati), «G‘ishtko‘prik» va «Oybek» (Toshkent viloyati) bojxona postlari hududlariga tutash joylarda zamonaviy bojxona terminallari, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida quriladi.

Bojxona terminallaridagi davlat organlari va boshqa tashkilotlarning asosiy funksiyalari «yagona darcha» tamoyili asosida bojxona, bank, logistika, tezkor-laboratoriya, fitosanitar, veterinar, sanitar-epidemiologik, ekologik, sertifikatlashtirish va boshqa xizmatlarni ko‘rsatadi. Tadbirkorlik sub’ektlari bojxona terminallarida ko‘rsatiladigan tijorat xizmatlaridan ixtiyoriy ravishda foydalanadilar.

1 dekabrdan boshlab «sariq yo‘lak», bunda bojxona deklaratsiyasi, hujjatlar va ma’lumotlarni tekshirish bo‘yicha bojxona nazorati shakllari xavf darajasi o‘rta ko‘rsatkichga ega yoki tasodifiy tanlovda aniqlangan tovar va transport vositalariga nisbatan amalga oshiriladi. «Qizil yo‘lak», bunda bojxona nazorati shakllari xavf darajasi yuqori ko‘rsatkichga ega yoki tasodifiy tanlovda aniqlangan tovar va transport vositalariga nisbatan amalga oshiriladi.

2019 yil 1 martdan boshlab esa «yashil yo‘lak», bunda xavf darajasi past bo‘lgan tovar va transport vositalarini chiqarib yuborish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganda, bojxona nazorati shakllari ularga nisbatan amalga oshirilmaydi. «Ko‘k yo‘lak», bunda xavf darajasi o‘rta ko‘rsatkichga ega yoki tasodifiy tanlov asosida aniqlangan tovarlarga nisbatan bojxona nazorati shakllari ular chiqarib yuborilgandan so‘ng amalga oshiriladi.

Hujjatga ko‘ra, 2019 yil 1 fevraldan boshlab O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan talablarga javob beradigan, tashqi iqtisodiy faoliyatning halol ishtirokchilariga soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillaridan foydalanish huquqini taqdim etishni nazarda tutuvchi xalqaro standartlarga muvofiq vakolatli iqtisodiy operatorlari instituti joriy etiladi.

Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent viloyati va Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmalari «Toshkent-AERO» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining bojxona postlarida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish bo‘yicha bepul asosda xizmat ko‘rsatuvchi shaxslarning maxsus guruhi — «front-ofis» tuzish va uning faoliyatini tashkil etish bo‘yicha dastlabki loyiha (keyingi o‘rinlarda — dastlabki loyiha) amalga oshirilishi belgilandi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisi tomonidan tovar va transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvi uchun sarflanadigan vaqti bojxona postlari xodimlari faoliyati samaradorligining asosiy ko‘rsatkichi hisoblanadi. Shu bilan birga, bojxona rasmiylashtiruvi vaqti to‘g‘risidagi statistik axborot har oyda barcha bojxona postlari kesimida Davlat bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

«Sariq» va «qizil» yo‘laklar mos ravishda 70 va 30 foiz nisbatda tovar va transport vositalarining xavf profillari yoki tasodifiy tanlash asosida qo‘llaniladi. Shu bilan birga, «yashil» va «ko‘k» yo‘laklar amalga kiritilgan kundan boshlab, mazkur xatboshida ko‘rsatilgan foiz nisbati Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan xavflarni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimini qo‘llash samaradorligi monitoringi asosida belgilanadi.

2019 yil 1 martdan boshlab, olib kiriladigan tovarlarning bojxona ko‘rigi uch oy davomida bojxona ko‘rigi protsedurasi videoyozuvi saqlanishini va Davlat bojxona qo‘mitasi markaziy apparatining ulanishini ta’minlovchi videokuzatuv tizimi bilan jihozlangan joylardagina amalga oshiriladi.

Hujjat bilan barcha tovarlarga nisbatan eksport kontraktlarini O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlarida hisobga qo‘yish borasidagi talab bekor qilindi.